Ammo ular bilan bogʻliq muammolar asrlar osha yashab kelmoqda. Jadid bobolarimiz toʻylardagi isrofgarchilik haqida kuyinib yozgan. Ha, isrofgarchilik, dabdababozlik, soxta obroʻ orttirishga urinish kabi salbiy holatlardan, afsuski, qutula olganimiz yoʻq. Yillab mehnat qilib, topgan-tutganini toʻy bahona sochib yuborgani yetmagandek, qarz-qavola qilib, oilasini qiyin ahvolga solayotganlar ham yoʻq emas. Shu bois, toʻylarni tartibga solishga davlat darajasida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Bu borada huquqiy hujjatlar qabul qilinib, toʻy oʻtkazish bilan bogʻliq tartiblar belgilangan. Ammo ularni bajarish, ixcham, isrofgarchiliksiz toʻy oʻtkazishga daʼvat va tavsiyalarga koʻpchilik panja orasidan qarab kelmoqda.

Vaholanki, bitta toʻyga ketgan ortiqcha mablagʻ bilan yosh oilaning uy-joyli boʻlishiga yordam berish, hayot yoʻlida qoqilmasligi uchun tadbirkorlik boshlashiga koʻmaklashish, umuman, kelajagiga sarmoya kiritish mumkin. Axir dabdabali toʻydan keyin oʻzini oʻnglay olmayotgan, moddiy yetishmovchilik, qarzdorlik kabi koʻngilsizliklar tufayli buzilib ketayotgan oilalar borligi hech kimga sir emas. Yoxud yosh oilada farzandlar tugʻilgach, uy-joy bilan bogʻliq muammo yuzaga kelishi bor gap.

Shuning uchun ham bu masala yana kun tartibiga chiqdi. Prezidentimiz joriy yil 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yigʻilishida jamoatchilikka murojaat qilib, korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishi ekanini taʼkidladi.

“Hammamiz yagona kuch boʻlib harakat qilsak, albatta, katta ijobiy samaraga erishamiz. Shu bois, mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, sanʼat va madaniyat xodimlari, tadbirkorlar, taniqli shaxslar, rahbarlar, deputat va senatorlar — umuman, butun jamoatchilik birlashib, korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton” ­sifatida qarashi kerak”, dedi davlatimiz rahbari.

Majlisda jamiyatda korrupsiyaga qarshi keskin kurashish, bu borada ochiq tizim, ochiq muhit yaratish vazifasi qoʻyildi. Zero, toʻylardagi dabdababozlik zamirida korrupsiya mavjudligini inkor qilib boʻlmaydi. Mansab vakolatidan, xizmat mavqeidan foydalanib poraxoʻrlikka qoʻl urayotganlar, beli ogʻrimay topgan pulini oʻzini koʻz-koʻz qilishga sarflayotganlar milliy toʻylarimizning asl shaklu shamoyili oʻzgarib ketishiga sababchi boʻlmoqda. Ana shunday dabdababozliklarni koʻrayotgan boshqalar ham chiranib boʻlsa-da, ­birovdan ortda qolmaslikka urinayotgani, oqibatda barcha toʻylar, ayniqsa, nikoh marosimlari yoshlarning baxtini koʻzlab emas, balki ota-onalarning oʻzini elga koʻrsatib qoʻyish musobaqasiga aylanib borayotir.

Mazkur yigʻilishdan keyin davlatimiz rahbarining 2025-yil 21-apreldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir ­chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi.

Endi korrupsiyaga qarshi kurashishda parlament, milliy va hududiy kengashlar, fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshiriladi. Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari kuchayadi. Deklaratsiya toʻldirish tartibi joriy etiladi. Noqonuniy boylik orttirishga oid yangi tartiblar kiritilishi natijasida korrupsiya omili cheklanadi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, tashkilotlardagi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati kuchaytiriladi.

Maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha vazirlik, idoralar rahbarlari masʼuliyati oshiriladi. Davlat xizmatlari darajasi aholi baholaydigan tizimga aylanadi. Eng yomon koʻrsatkichga ega soha rahbarlariga chora koʻriladi.

Muhimi, aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy ongi yuksaltirilib, jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashishga daxldorlik shakllanadi. Prezidentimiz farmoni bilan tasdiqlangan loyihaga asosan toʻylar tartibga solinadi. Bu mazkur hujjat bilan tasdiqlangan, ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxati keltirilgan. Unda joriy yil avgustigacha toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish boʻyicha parlament palatalari kengashlarining qoʻshma qarori qabul qilinishi rejalashtirilgan. Yoshlarda tejamkorlik madaniyatini shakllantirish boʻyicha yangi mexanizmlar nazarda tutilgan.

Mazkur loyihaga parlament, Madaniyat vazirligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita masʼul etib belgilangan. Muhimi, ushbu farmon eʼlon qilinganidan keyin toʻylar va oilaviy tadbirlarni kamtarona va oqilona oʻtkazishga qaratilgan tashabbuslar xalqimiz tomonidan keng qoʻllab-quvvatlandi. Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda toʻy va boshqa marosimlarni tartibga solish, masalan, toʻy kortejlarini cheklash, ortiqcha sarf-xarajatni kamaytirish va milliy anʼanalarga mos oʻtkazish boʻyicha muhokamalar davom etmoqda. Baʼzi hududlarda xalq deputatlari mahalliy kengashlari tomonidan toʻylarni oʻtkazish tartibini belgilash boʻyicha tavsiyalar berilmoqda.

Madaniyat vazirligi loyihaning har tomonlama puxta ishlab chiqilishi, kelgusida xalqimiz manfaatlariga xizmat qilishi boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrmoqda. Yetuk olimlar, sanʼat va madaniyat namoyandalarining toʻylarni ixcham va chiroyli oʻtkazish, xalqimiz qadriyatining chinakam koʻzgusiga aylantirishga qaratilgan tavsiya va takliflari asosida hujjat mukammal tayyorlanishiga munosib hissa qoʻshiladi.

Sirojiddin OʻSAROV,

jurnalist