Toʻyga taklifnoma keldi, borasizmi?!

    Saylov 22 Oktabr 2021 4175

    Ijtimoiy tarmoqlarda saylov haqida turli bahs-munozaralarga koʻzimiz tushyapti. Ayni kunlarda 24-oktyabr, yakshanba kuni boʻladigan Oʻzbekiston Prezidentligiga saylov mavzusi avjida.

    Mazkur holat, albatta, yaxshi. Fuqarolarning siyosiy xabardorligi, shaxsiy pozitsiyasi ancha oʻsgan.

    Oshxona, sartaroshxona, chevarxona, savdo doʻkonlari, taʼlim va tibbiyot muassasalari, jamoat transporti, odamlar gavjum joylarda siyosiy jarayonlar qizgʻin muhokamada. Yangi saylovning avvalgilaridan farqi solishtirilmoqda. Shuning uchun 5 ta siyosiy partiyadan koʻrsatilgan nomzodlarni batafsil oʻrganing, oʻylab qaror chiqaring. Munosibi uchun oʻz xohish-irodangiz, tanlovingizni amalga oshiring!

    Mana, nihoyat, kutilgan sana ham ostonada turibdi. 2 kundan keyin kelajagimiz uchun har birimiz oʻz ovozimizni beramiz. Hammamizning xonadonlarimizga saylov taklifnomasi kirib borgan boʻlsa kerak. Ha, inson uchun saylash va saylanish ulkan baxt hamda Konstitutsiyaviy huquqdir! Dunyoda bu huquqdan mosuvolar qancha. Shunday ekan, shukronalik va faol fuqarolik, daxldorlik hissi bilan OVOZ BERISHGA shay turaylik! Hatto ovoz berish huquqiga ega emaslar bor. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan; ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar qatorida emasligingiz va uyingizga saylovga chaqiruv qogʻozi yetkazilgani uchun xursand boʻlishingiz darkor.

    Xullas, respublikamiz miqyosidagi muhim saylovga bepisand va befarq boʻlmaylik. Chet ellik mehmonlar, xalqaro kuzatuvchilar bizning siyosiy madaniyatimizdan, ishtirokimizdan ibrat olishsin. Unutmang, sizning ovozingiz, byulletenga qoldirgan belgingiz koʻp narsani hal etadi va alohida ahamiyatga ega. Rivojlanishga yuz tutgan mamlakatning qadrli fuqarosi ekansiz, munosabatingizni ham chiroyli bildirish vaqti keldi. Zero, bu mamlakat hayotidagi eng dolzarb siyosiy kampaniyadir. Ha, saylov kuni xalqimizga xos boʻlgan buyuk qadriyatlarimiz – birdamlik, ahillik, hamjihatlik singari yuksak fazilatlarimizni yana bir bor namoyon qilib, bu muhim siyosiy jarayonni uyushqoqlik bilan oʻtkazaylik!

    Endi, keling, bir mulohaza yuritaylik. Deylik, yashash hududingizda hurmat qilib sizni toʻyga taklif etish uchun xat tashlab ketishdi, nima qilasiz, borasiz-da, toʻgʻrimi? Axir xalqimizda “Chaqirilgan joydan qolma!” degan gapi esingizdan chiqmaydi. Demak, 24-oktyabr, yakshanba - dam olish kuni ertalab soat 8.00 dan - 20.00 gacha oʻzingizga qulay vaqtda saylov uchastkasiga borishingiz uchun davlatimiz bayramona taraddud koʻrmoqda. Shu kuni Oʻzbekistonning katta siyosiy tadbiri! Qani, marhamat, siz uchun maxsus yozilgan saylov taklifnomasini va pasportingizni roʻparangizga hozirlab qoʻying. Darvoqe, har kim oʻzi ovoz beradi, jonajon yurtimizning yirik rasmiy toʻyida shaxsan qatnashishga, oila aʼzolaringiz ishtirokini taʼminlashga tayyorlaning!

    Orifjon JOʻRAYEV,
    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining Namangandagi muxbiri.