Toyloq tumanida pedagoglar bilan ochiq muloqot oʻtkazildi

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston XDP fraksiyasi rahbari Ulugʻbek Inoyatov Samarqand viloyati Toyloq tumanida oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bir guruh pedagoglar, masʼul mutasaddilar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.

    Muloqotda, avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan fikrlar, taklif va tashabbuslar ahamiyati haqida soʻz yuritildi.

    Qayd etildiki, nutqda mamlakatimizda yashayotgan har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan oʻzgartirish, inson kapitalini rivojlantirish ustuvor vazifa ekani bayon qilindi.

    Uchrashuvda yurtimizdagi islohotlarni xalqaro hamjamiyat, nufuzli tashkilotlar ham tan olib, eʼtirof etayotgani barchamizni quvontirishi taʼkidlandi.

    Mamlakatimizda maktabgacha taʼlim qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshgani, oliy taʼlim bilan qamrov esa 9 foizdan 42 foizga yetgani Oʻzbekistonning bu yoʻnalishda real va muhim natijalarga erishayotganini koʻrsatadi.

    Taʼlim sifatini oshirishda oʻqituvchi va murabbiylarning fidoyiligi, ilgʻor pedagogik bilim va texnologiyalarni qoʻllay olishi dolzarb ahamiyatga ega ekani xususida fikr-mulohazalar aytildi.

    Muloqotda pedagoglar nutqda ilgari surilgan pedagoglarning oʻzaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish borasida Oʻzbekistonda Butunjahon professional taʼlim sammitini oʻtkazish taklifini qoʻllab-quvvatlashlarini qayd etishdi.

    Tumandagi 14-maktab direktori Zamira Jabborova, 26-maktab direktori Yulduz Abdurahmonova, tuman ilk rivojlanish markazi koordinatori Zamira Zohidovalar soʻzga chiqib, taʼlim taraqqiyoti bilan bogʻliq fikr hamda takliflarini bildirdi.

    Hamkorlik materiali