Toyloqda 3 nafar fuqaro davlatga 60 million soʻmdan ortiq zarar yetkazgan

    Qonunbuzilish holatlari yuzasidan Toyloq tumanlararo fuqarolik sudiga davo arizasi kiritildi.

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi Axborot xizmati xabar berishicha, hali hanuz qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga moʻljallangan yer resurslarini noqonuniy ravishda egallab olish, undan samarasiz foydalanish singari salbiy holatlar uchrab turmoqda.

    Jumladan, Toyloq tumanining “Uray-Elipok” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi ikki nafar fuqaro “Elipok” agrosanoat firmasi hududida faoliyat koʻrsatib kelayotgan “Tolib Mamatqul” fermer xoʻjaligiga ijaraga berilgan yer maydonining 0,28 gektar qismini oʻzboshimchalik bilan egallab olganligi aniqlandi. Ushbu oʻzboshimchalik bilan egallagan yerga noqonuniy ravishda uy-joy qurib, yer maydonini qishloq xoʻjaligi muomalasidan chiqarishi oqibatida davlatga 30 million 868 ming 105 soʻm zarar yetkazgan.

    Shuningdek, tumanning “Navzandak” mahallasida yashovchi fuqaro ham “R.Saidnazarov” agrosanoat firmasi hududida faoliyat koʻrsatib kelayotgan “Azizjon Xudoyshukurov bogʻlari” fermer xoʻjaligiga ijaraga berilgan 0,11 gektar yer maydonini oʻzboshimchalik bilan egallab olgan. Yerga noqonuniy ravishda uy-joy qurib, yer maydonini qishloq xoʻjaligi muomalasidan chiqarishi oqibatida davlatga 29 million 231 ming 160 soʻm zarar yetkazganligi maʼlum boʻldi.

    Mazkur qonunbuzilish holatlari yuzasidan “Oʻzagroinspeksiya”ning Toyloq tumani boʻlimi tomonidan Toyloq tumanlararo fuqarolik sudiga davo arizasi kiritildi. Sudning hal qiluv qaroriga koʻra, javobgarlar hisobidan davlat foydasiga 60 million 99 ming 265 soʻm miqdorida yetkazilgan zarar hamda 2 million 403 ming 970 soʻm davlat boji undirilishi belgilandi.

    Furqat Umirov,

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Toyloq tuman

    boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari