“Toza havo” tadbiri  va “YAshil makon” umummilliy harakati doirasida  qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

    Respublika hududining 90 foizi sanitar tozalash xizmatlari bilan ta'minlandi va yil boshiga nisbatan 8 foizga o'sdi.  

    AOKAda bo'lib o'tgan matbuot anjumanida ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi mutasaddilari bu yo'nalishda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi. Qayd etilganidek, joriy yilning 9 oyida 591 ta korxonaning 4995 ta manbasida monitoring o'tkazildi. Bunda 212 ta ob'ektning 489 ta manbasida me'yordan ortiq ifloslantirish aniqlanib kamchiliklar bartaraf etildi. “Toza havo” tadbirining birinchi va ikkinchi bosqichida 270 344 ta avtotransport vositasi ko'rikdan o'tkazilib, ularning 3,4 foizida ishlatilgan gazlarning ifloslantiruvchi moddalari miqdori belgilangan me'yorlardan yuqoriligi aniqlangan.

    Atrof-muhitga yuqori va o'rta xavfli ta'sir etuvchi 240 ta sanoat korxonalarida zamonaviy lokal oqova suv tozalash inshootlarini o'rnatish va mavjudlarini modernizatsiyalash dasturi tasdiqlanib, hozirga qadar 37 ta korxonada inshootlar qurilgan, 85 tasida ishlar davom ettirilmoqda. Respublika hududining 90 foizi sanitar tozalash xizmatlari bilan ta'minlandi va yil boshiga nisbatan 8 foizga o'sdi. Respublikada bir yilda o'rtacha hosil bo'layotgan 7,1 mln tonna maishiy chiqindilarning 0,7 mln tonnasi qayta ishlashga jalb qilinib, qayta ishlash darajasi 21,9 foizdan 25 foizgacha etkazildi.

    36 ta qattiq maishiy chiqindi poligonlarining rekul`tivatsiya qilish natjasida 223 ga er maydonlari davlat zahirasiga topshirildi va 0,7 mln tonna issiqxona gazlari atmosferaga tashlanishining oldi olindi. Maishiy chiqindilar bilan ishlash sohasida hududlarni davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida tadbirkorlik sub'ektlariga biriktirish bo'yicha 6 ta bitim imzolandi, 14 ta loyiha tenderi o'tkazilmoqda, 1 tasi bo'yicha kontseptsiya tasdiqlanib e'longa qo'yildi hamda 24 tasining hujjati tayyorlanmoqda.

    Davlat ekologik nazorati doirasida 36 mingdan ortiq reydlar o'tkazildi, 59 mingdan ortiq profilaktika tadbirlari olib borildi. Jizzax, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Toshkent, Surxondaryo, Farg'ona, Andijon va Namangan viloyatlari suv havzalarida o'tkazilgan ekspeditsiyada jami 89 turdagi umumiy soni 330 mingdan ortiq qushlar hisobga olindi.

    Daraxtlarni kesishga e'lon qilingan moratoriy davrida 392 ming 462 tup daraxt va butalarni kesish va ko'chirib o'tkazish bo'yicha 4961 ta murojaatlar o'rganib chiqildi va 351 ming 767 tup daraxtlarning kesilishi rad etildi.