Tojikiston Erondan 2,55 million tonna yoqilgʻi import qilishni rejalashtirmoqda. Bu masala Tehronda Tojikiston transport vaziri Azim Ibrohim va Eron yoʻllar va shaharsozlik vaziri Farzona Sodiq oʻrtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi.
Soʻralgan yoqilgʻi tarkibiga 2 million tonna xom neft, 150 ming tonna benzin, 300 ming tonna dizel yoqilgʻisi va 100 ming tonna aviatsiya yoqilgʻisi kiradi. Umumiy hajm 51 ming vagonni tashkil etadi.
Tomonlar neft va neft mahsulotlarini Erondan Tojikistonga yetkazib berish uchun mavjud transport va logistika imkoniyatlarini muhokama qildi.
Tojikiston tomoni yoqilgʻi tashish uchun maxsus sisternali poyezdlarni tashkil etish, Eron temir yoʻllarida Tojikiston uchun yoqilgʻi vagonlariga maxsus rejim va “yashil yoʻlak” joriy etishni soʻragan.
Shuningdek, “Chobahor” portida “Tojikiston” logistika markazini tashkil etish, Tojikiston transport vositalarining Eron hududida harakati bilan bogʻliq ayrim muammolarni bartaraf etish hamda Eron aeroportlarida “Somon Air” uchun ayrim imtiyozlar berish masalalari koʻtarilgan.
Uchrashuvda “Eron — Afgʻoniston — Tojikiston — Xitoy” yangi logistika koridorini tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi. Ushbu koridor doirasida temir yoʻl qurish loyihasi ham koʻzda tutilgan.
Tojikiston transport vaziriga koʻra, yangi temir yoʻl koridori yuk tashish masofasini 2 ming kilometrgacha, yetkazib berish vaqtini esa 10 kungacha qisqartirishi mumkin.
Maʼlumotlarga koʻra, 2026-yilning birinchi yarmida Tojikiston va Eron oʻrtasida 432,79 ming tonna yuk tashilgan. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 117,5 foizni tashkil etgan.