AQSh Prezidenti Donald Tramp 14-iyun kuni nishonlanadigan AQSh armiyasining 250 yilligiga bag'ishlab mamlakat poytaxti Vashingtonda yirik harbiy parad o'tkazishni rejalashtirmoqda.

Bu haqda 7-aprel, dushanba kuni ma'lum qilgan bir qator Amerika nashrlari Oq uy rahbari o'sha kuni 79 yoshga to'lishi haqida xabar tarqatdi.

Parad rejalari haqida ilk bor xabar bergan Washington City Paper nashriga ko'ra, uning yo'nalishi 4 milya (deyarli 6,5 kilometr) – AQSh Mudofaa vazirligining Vashington chekkasidagi Arlington shtab-kvartirasidan Oq uygacha bo'lgan masofani tashkil etadi.

Mahalliy ma'muriyat va harbiy amaldorlar The Hill va NewsNation nashrlariga rejalarni ma'lum qilishdi, biroq ular hali tasdiqlanmaganini va rasmiy so'rov yoki buyruq yo'qligini aytishdi. “Washington City Paper”ning ta'kidlashicha, mahalliy hokimiyatlar faqat parad rejalari haqida xabardor qilingan, deb xabar beradi dw.com.