Mazkur Nizomda retsipiyent va donorlarni tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazish hamda transplantatsiya amaliyoti uchun tibbiy xulosalar berish tartibi belgilandi.
Nizomga koʻra, retsipiyent va tirik donor tibbiyot muassasalarida 3 oy ichida tibbiy tekshiruvlardan oʻtishi kerak.
Tibbiy tekshiruv xulosalariga koʻra transplantatsiya amaliyotiga ruxsat berish faqat Hukumatning 2024-yil 13-iyundagi 333-son qarorida koʻrsatilgan davlat tibbiyot muassasalarining tibbiy konsiliumi tomonidan amalga oshiriladi.
Tibbiy konsilium retsipiyentga inson aʼzolari va (yoki) toʻqimalari transplantatsiyasi amaliyotiga muhtojligi, donorga esa transplantatsiya amaliyotiga layoqatliligi toʻgʻrisida tibbiy xulosani beradi yoki berishni rad etadi.
Transplantatsiya amaliyoti insonning koʻrish, nutq, eshitish qobiliyatining yoʻqolishi yoki ruhiyatning buzilishi, mehnat qobiliyatining 33 foizdan ortiq barqaror yoʻqolishiga sabab boʻladigan tarzda ziyon yetkazishiga olib kelsa retsipiyent va donorga tibbiy xulosani berish rad etiladi.








