Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun transport-logistika sektori siyosiy, iqtisodiy va geografik nuqtayi nazardan rivojlanishning strategik yoʻnalishi hisoblanadi. Shuning uchun mintaqa mamlakatlari transport yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilishga intilib, turli xil loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.
COVID-19 pandemiyasi mintaqaviy transport tizimining tovarlarning uzluksiz harakatlanishini taʼminlash uchun tezkor va samarali yechimlarga nisbatan zaifligini koʻrsatdi. Global va mintaqaviy karantin cheklovlari yuklarni tashish uchun ishlatiladigan asosiy transport yoʻlaklarining vaqtincha yopilishiga olib keldi.
Aksariyat hollarda bir qator davlatlar bir tomonlama va proteksionistik choralarni koʻrdilar, bu esa yuk oqimining toʻliq toʻxtashiga va ayrim yoʻnalishlari boʻyicha pasayishiga olib keldi, shu munosabat bilan tashqi savdo subyektlari yangi yechimlarni izlash va muqobil transport yoʻlaklaridan foydalanishga majbur boʻlishdi, bu esa yuk tashish xarajatlarning oshishiga olib keldi.
Shu munosabat bilan, hozirgi vaqtda mintaqa davlatlari hukumatlari yuk va yoʻlovchilar tashish sifati, xavfsizligi va tezligini oshirish, infratuzilmani rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hisobiga xalqaro yuk tashishni amalga oshirishda transport xarajatlarini optimallashtirishga imkon beradigan samarali strategiya va yechimlarni ishlab chiqishga katta eʼtibor qaratmoqdalar.
Masalaning istiqbolli yechimlardan biri – bu Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida aytib oʻtilgan BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun Maxsus dasturi (MOIMD) hamda Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (OTOIIK) Dasturi doirasida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusidir. Ushbu Markaz transport-logistika salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirishga va mintaqaviy hamda xalqaro yuk tashishni yana-da kengaytirishga toʻsqinlik qiladigan tizimli muammolarni hal qilishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilishiga koʻmaklashadi va bu, oʻz navbatida, jadal iqtisodiy oʻsishga erishish va mintaqaning farovonligini oshirishga imkon beradi.
Markazning asosiy vazifalari qatoriga — mintaqa transport tarmogʻini yagona transport tizimiga birlashtirishga imkon beradigan qoʻshma transport-logistika loyihalarini amalga oshirish uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan mintaqaviy dasturlar, loyihalar va hujjatlarni qabul qilish, loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va ularni amalga oshirish uchun mablagʻ jalb qilish, yangi transport yoʻlaklari va havo yoʻllarini shakllantirish boʻyicha chora-tadbirlar va takliflarni ishlab chiqish, tarif siyosati mexanizmlarini takomillashtirish va bojxona tartibga solishni soddalashtirish, transport oqimini boshqarishni raqamlashtirish, transport va tranzit sohasida normativ-huquqiy bazani muvofiqlashtirish, ekologiya, yoʻl harakati xavfsizligi sohasidagi hamkorlik, shuningdek transport sohasida yagona talablar asosida mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash vazifalari kiradi.
Hozirgi kunda Markaz konsepsiyasining amaliy ishlab chiqilishi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining ekspertlari va tegishli boʻlinmalar rahbarlari tomonidan amalga oshirilmoqda — Markaz faoliyatini moliyalashtirish uchun xalqaro va mintaqaviy moliya institutlarining mablagʻlari jalb qilinishi rejalashtirilmoqda, uning rahbariyati tarkibiga esa ishtirokchi davlatlarning transport vazirlari kiradi.
Mutaxassislarning fikriga koʻra, Markaziy Osiyo davlatlari va Afgʻonistonning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika salohiyatidan toʻliq foydalanish 10 yil ichida mintaqa mamlakatlari yalpi ichki mahsulotining kamida ikki baravar koʻpayishiga imkon beradi, bu esa barqaror rivojlanishning samarali mexanizmi sifatida Markazni tashkil etishning dolzarbligini asoslaydi.
Markazni tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar qatorida transport-logistika sektorida amalga oshirilayotgan va amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investitsiya loyihalari sonining koʻpayib borayotgani, shuningdek, Markaziy Osiyo va Afgʻoniston hukumatlari infratuzilmani modernizatsiya qilish, logistika markazlarini qurish va mamlakatlararo kommunikatsiya aloqalarini mustahkamlash hisobiga transport tarmogʻini barqaror rivojlantirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni qabul qilishga katta eʼtibor qaratayotganini taʼkidlash mumkin.
Shuni ham taʼkidlash kerakki, mintaqa mamlakatlari va Afgʻoniston BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (OTOIIK), BMTning Taraqqiyot dasturi, Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi va boshqa transport-logistika sektorini rivojlantirishga qaratilgan qator xalqaro dastur va loyihalarga aʼzodirlar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.