Transport egalarining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga doir majburiyatlari alohida belgilandi

    “Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ–900-son, 19.01.2024-y.) Prezident tomonidan imzolandi.

    Qonun bilan yoʻl egasining huquq va majburiyatlari, transport egalarining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga doir majburiyatlari hamda mehnat shartnomasi boʻyicha ishlayotgan haydovchilarning huquqlari alohida belgilandi.

    Yoʻl qaysi korxona, muassasa, tashkilot yoki jismoniy shaxslar ixtiyorida boʻlsa, oʻshalar yoʻl egasi hisoblanadi.

    Yoʻl egasi yoʻllarni qurish, taʼmirlash va rekonstruksiya qilish loyihalarini kelishib olish va tasdiqlashda, shuningdek taʼmirlash ishlarini tashkil etishda ishtirok etish huquqiga ega.

    Transportni oʻz xizmat yoki mehnat majburiyatlarini bajarish uchun, shu jumladan transportning mulkdori yoxud boshqa egasi bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga yoki fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomaga asosan boshqaruvchi shaxs transport vositasining egasi boʻlmaydi.

    Transport egalari:

    • texnik jihatdan soz transportdan foydalanishi;
    • transportning tegishli malakaga ega va tibbiy koʻrikdan oʻtgan shaxslar tomonidan boshqarilishiga ijozat berishi;
    • transportdan foydalanish chogʻida boshqa shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga va (yoki) mulkiga zarar yetkazganlik uchun oʻz fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilishni amalga oshirishi;
    • transportning alkogoldan mast holatda yoki psixoaktiv moddalar taʼsiri ostida yoxud oʻta charchoq holatda boʻlgan shaxslar tomonidan boshqarilishiga yoʻl qoʻymasligi shart.

    Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 6 oy oʻtgach kuchga kiradi.