Transport-logistika sohasi rivojlantirishda Xitoy yaqin hamkorimiz boʻladi

    Biznes 20 Aprel 2023 2010

    Joriy yil 19-aprelda Toshkent shahrida Oʻzbekiston va Xitoy ishbilarmon doiralari oʻrtasida transport-logistika sohasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv Xitoy Xalq Respublikasining “Shandong Port Group” kompaniyasi rahbariyati boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida tashkil etildi.

    Tadbir Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi koʻmagida Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi va “Shandong Port Group” kompaniyasi tomonidan tashkil etildi.

    Tadbirda Shandun provinsiyasining yirik portlari rahbarlari, Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston xalqaro avtomobilda tashuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston iqtisodiyot assambleyasi, Toshkent shahar hokimligi va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

    Tadbir davomida “Shandong Port Group” kompaniyasining Xitoyning Shandon viloyatidagi dengiz portlari salohiyati toʻgʻrisida yurtimiz tadbirkorlari uchun taqdimot boʻlib oʻtdi.

    Shandun port guruhi 2019 yil avgust oyida Shandun provinsiyasining asosiy portlari: Sindao, Jichjao, Yantay va Boxay port guruhini birlashtirish orqali tashkil etilgan. Xolding 12 biznes segmentida faoliyat yuritadi: yuk tashish, savdo, logistika, ilmiy-texnik taraqqiyot, asbob-uskunalar ishlab chiqarish, xorijda rivojlanish, investitsiyalarni boshqarish, port qurilishi, shahar va sanoat integratsiyasi, kruizlar, madaniyat va turizm, kasb-hunar taʼlim i va sogʻliqni saqlash.

    2022 yil oxirida guruh terminallarining oʻtkazish quvvati 1,6 milliard tonna yukga yetdi, konteynerlarni tashish hajmi esa 37 million TEU dan oshdi. Kompaniyaning 21 ta yirik port hududi, 360 ta ishlab chiqarish joylari va 320 dan ortiq konteyner tashish yoʻnalishlari mavjud. Bosh qarorgohi Sindao shahrida joylashgan boʻlib, guruh xodimlari soni 60 ming kishidan oshadi.

    Tadbirda Oʻzbekistonning investitsiyaviy salohiyati va tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, iqtisodiy erkinlik yaratish va tadbirkorlikni huquqiy qoʻllab-quvvatlash borasidagi islohotlar, respublikamizning turizm salohiyati, logistika va transport sohalarida Xitoy bilan hamkorlik istiqbollari haqida batafsil maʼlumot berildi.

    Shuningdek, forum ishtirokchilari eʼtiboriga Shandun portlari va Oʻzbekistonning investitsiyaviy salohiyati toʻgʻrisida taqdimot va videoroliklar namoyish etildi.

    Bundan tashqari, biznes-forum doirasida B2B muzokaralari ham boʻlib oʻtdi, unda tadbirkor va investorlar toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish, manfaatlar kesishgan nuqtalarni topish va logistika sohasida yangi istiqbolli loyihalarni muhokama etish imkoniga ega boʻldi.

    Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi tashqi savdo aylanmasi 2017-yilda 4,8 milliard dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda 8,9 milliard dollarga yetdi va shu orqali 185 foizga oʻsdi. Jumladan, eksport hajmi 23,4 foizni, import hajmi esa 134,7 foizni tashkil etdi, deb xabar beradi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.