Transport logistika sohasida Ozarbayjon bilan hamkorlik rivojlantiriladi

    Transport 16 Fevral 2023 532

    Transport vaziri oʻrinbosari Abdusamat Moʻminov boshchiligidagi Ishchi guruhning 13 – 15-fevral kunlari Ozarbayjon Respublikasiga tashrifi davomida qator uchrashuvlar oʻtkazildi.

    Xususan, Ozarbayjon Respublikasining Raqamli rivojlanish va transport vaziri oʻrinbosari Raxman Gummatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri oʻrinbosari Abdusamat Moʻminov hamraisligida ikki mamlakat oʻrtasida transport va tranzit yuk tashuvlari masalalari boʻyicha Qoʻshma ishchi guruhining birinchi yigʻilishi oʻtkazildi.

    Yigʻilishda Transkaspiy xalqaro transport koridori hamda 6 davlat (Ozarbayjon, Gruziya, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Turkiya, Oʻzbekiston) temir yoʻl tuzilmalari ishtirokida tashkil etilgan CASCA+ multimodal transport yoʻlagi orqali yuk tashuvlari hajmini oshirish, shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish, tashuv jarayonlarida qulay sharoitni yaratish bilan bogʻliq masalalar muhokama etildi.

    Tomonlar muhokama etilgan masalalar boʻyicha hamkorlikdagi faoliyatni davom ettirish muhimligini taʼkidladi.

    Shuningdek, tashrif davomida Ozarbayjonning yer usti transporti qoʻmitasi, “Ozarbayjon temir yoʻli” YOAJ, “Baku xalqaro dengiz savdo porti” YOAJ, “Ozarbayjon Kaspiy dengiz kemachiligi” kompaniyasi hamda Baku kemasozlik zavodi rahbariyati bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.

    Uchrashuvlar davomida Oʻzbekistonning eksport va import yuklarini Ozarbayjon hududi orqali Yevropa va Amerika qitʼasi davlatlariga tashuvlarini uzluksiz tashkil etish, yuk tashuvlar xarajatini va muddatini qisqartirish, tarif imtiyozlarni kengaytirish, port infratuzilmasidan samarali foydalanish hamda logistika zanjirini yaratish boʻyicha muzokaralar olib borildi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.

    Tomonlar uchrashuvlarda muhokama etilgan hamkorlik yoʻnalishlari doirasida kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab oldi.