Transport sohasi isloh qilinadi

    Transport 16 Iyun 2023 1663

    2023-yil 14-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Maʼmuriy islohotlar doirasida transport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-94-son Farmon imzolandi.

    Hujjatga muvofiq, transport sohasidagi ayrim funksiyalar xususiy sektorga o‘tkaziladi.

    Transport vazirligi huzurida Transport nazorati inspeksiyasi tashkil etiladi, u avtomobil, temir yo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten va yo‘l xo‘jaligi sohalarida nazorat funksiyalarini amalga oshiradi. Inspeksiya quyidagi huquqlarga ega:

    - avtomobilda yuk va yo‘lovchi tashish, temir yo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten hamda yo‘l xo‘jaligi sohasida ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va ma'muriy jazo choralarini qo‘llash;

    - avtotransport vositasida yuk va yo‘lovchilar tashish qoidalarining buzilishi aniqlanganda, avtotransport vositasini yuk va yo‘lovchi tashishni nazorat qilish bo‘yicha postlarda tekshirish uchun to‘xtatish.

    Shuningdek, hujjat bilan quyidagi nazorat tadbirlarini Biznes-ombudsmanning ruxsatisiz, uni xabardor qilmasdan, «xavfni tahlil etish» tizimini qo‘llamagan holda (moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda) amalga oshirishga ruxsat etilyapti:

    Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi tomonidan fuqaro aviatsiyasi tashkiloti va korxonalarida parvozlar xavfsizligiga rioya etilishi yuzasidan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining standartlarida belgilangan rejali va to‘satdan tekshiruvlar o‘tkazish;

    Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan avtomobil transportida yuk va yo‘lovchilarni tashish qoidalariga rioya etilishini tashish jarayonida reydlar o‘tkazgan holda nazorat qilish.

    Transport nazorati inspeksiyasi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilib, «xavfni tahlil etish» tizimini qo‘llamagan holda temir yo‘l transportida harakat va tashishlar xavfsizligi, yuk va yo‘lovchilarni tashish qoidalari hamda yo‘l qurilishi ob'ektlarida qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi bo‘yicha tekshiruvlarni utkazadi.

    Ma’lumot uchun: muqaddam Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga

    nazorat tadbirlarini, istisno tariqasida, tekshiruvlarning «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro‘yxatga olinmagan holda amalga oshirishga ruxsat etilgan edi.

    O‘zbekistonning Xitoy, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Eron va Latviya mamlakatlaridagi elchixonalarida transport masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etiladi.

    Hujjat bilan:

    Transport vazirligi faoliyatining

    ustuvor yo‘nalishlari;

    Transport vazirligi tizimidagi muassasalarni qayta tashkil etish dasturi;

    Transport sohasini raqamlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari;

    Transport sohasini tubdan isloh qilish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlanyapti.

    Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2023-yil 14-iyundan kuchga kirdi, deb xabar beradi «Norma».