Transport universiteti talabasi Kamola Irisqulova Transport vaziri yordamchisi etib tayinlandi

    Transport vazirining tegishli buyrugʻi bilan 2025-yil 18-fevraldan Irisqulova Kamola Normat qizi Vazirning yoʻl xoʻjaligi sohasida ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha yordamchisi lavozimiga tayinlandi.

    Bugun, Transport vaziri Ilhom Maxkamov Toshkent davlat transport universiteti talabasi, “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti, Prezident hamda Beruniy nomli davlat stipendiyalari sohibasi Kamola Irisqulova bilan uchrashdi.

    Bugungi kunda mamlakatimiz transport tizimida 132 mingdan ziyod xodim faoliyat yuritadi. Shundan 33 mindan ortigʻini esa yoshlar tashkil etadi. Uchrashuvda Ilhom Maxkamov yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor, ularning oʻz salohiyatini namoyon etishlari uchun yaratilayotgan sharoitlarga alohida toʻxtatilib oʻtdi.

    Aynan mamlakatimiz transport tizimining ravnaqi va kelajagi ham bevosita Kamola Irisqulova singari iqtidorli hamda salohiyatli yosh oʻgʻil-qizlarimiz qoʻlida ekanligini taʼkidladi vazir.

    Joriy yilning 14-fevral kuni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan oʻtkazgan ochiq muloqot davomida Kamola Irisqulovaga yuksak ishonch bildirib, avtomobil yoʻllari sohasini rivojlantirish yoʻnalishidagi ilmiy faoliyatiga muvaffaqiyat tilagan edi.

    Transport vazirining tegishli buyrugʻi bilan 2025-yil 18-fevraldan Irisqulova Kamola Normat qizi Vazirning yoʻl xoʻjaligi sohasida ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha yordamchisi lavozimiga tayinlandi.

    Tayinlovga qadar K.Irisqulova Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi Avtomobil yoʻllari ilmiy-tadqiqot instituti bosh ilmiy xodim lavozimida faoliyat yuritgan.