Transport va logistika sohasidagi dolzarb masalalar muhokama etildi

    Transport 22 Sentabr 2022 1848

    Joriy yil 21-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev rahbarligida transport va logistika sohasida xizmat koʻrsatuvchi tadbirkorlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Asosiy eʼtibor xalqaro transport hajmini yanada oshirish va transport yoʻlaklarini diversifikatsiya qilish masalalariga qaratildi.

    Yigʻilishda vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari rahbarlari hamda 50 dan ortiq yirik ishlab chiqaruvchilar, eksportchilar va ekspeditorlik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

    Muloqot davomida eksport mahsulotlarini xalqaro bozorlarga yetkazish bilan bogʻliq masalalar va takliflar, xususan, aviatashuvchilar, temir yoʻl va avtomobil transporti kompaniyalari oldida turgan muammolar har tomonlama koʻrib chiqildi.

    Iqtisodiyotga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish natijasida yuzaga kelgan mamlakatning ishlab chiqarish va eksport salohiyatining izchil oʻsishi taʼkidlandi. 2026-yilda yalpi ichki mahsulot hajmi 100 milliard dollarni, eksport hajmi esa 30 milliard dollarni tashkil etishi rejalashtirilyapti. Shu nuqtayi nazardan, eksport-import operatsiyalarida roʻy berayotgan muammolar va mavjud toʻsiqlar tahlil etildi. Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilish va ularning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida hisobotlar taqdim qildi.

    Bildirilgan masalalar va takliflarni tahlil qilish natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan eksportga yetkazib berishning barqarorligini taʼminlash boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun tegishli vazirlik va idoralar rahbarlaridan iborat ishchi guruh tuzish topshirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.