Transport vaziriga senator soʻrovi yuborildi

    Transport 23 Yanvar 2024 528

    Mamlakatimizda shahar infratuzilmasining eng dolzarb muammolaridan biri bu, albatta, jamoat transporti tizimidagi ayrim muammo va kamchiliklar hisoblanadi.

    Ular, ayniqsa, yurtimizning katta shaharlarida yaqqol koʻzga tashlanadi.

    Xususan, yuqori sifatli va qulay yoʻlovchi tashish xizmatlariga boʻlgan ehtiyojlarini toʻliq qondirish, sohada bozor tamoyillarini joriy etish, jamoat transportida moliyalashtirish tizimi va tarif siyosatini takomillashtirish masalalari hamon kun tartibida.

    Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari F. Boqiyev Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziriga aholiga transport xizmatlari koʻrsatish boʻyicha ishlar holati yuzasidan senator soʻrovi yubordi.

    Senator soʻrovida qayd etilishicha, aholi sonining muntazam ortib borayotganligi tufayli jamoat transportiga qoʻyilgan talab kuchaygan, biroq baʼzi jamoat transportlarida xizmat koʻrsatish sifati pastligicha qolyapti, xususan, hududlarda jamoat transporti vositalari soni yetarli emas va belgilangan harakat jadvallariga rioya etilmaydi, bu esa muammolarni yanada koʻpaytiryapti.

    Shuningdek, yoʻlovchilar avtobus bekatlarida jamoat transportini uzoq muddat kutib qolishi va koʻzlangan manzillariga oʻz vaqtida yetib bora olmasligi ularning kundalik ishiga taʼsir oʻtkazayotgani, ayniqsa, keksalar, nogironligi boʻlgan fuqarolar, davlat xizmatchilarining jamoat transportlarida yaratilgan sharoitlardan noroziligi, ayrim haydovchilarda muomala madaniyatining yetishmasligi va ularning yoʻl harakati qoidalariga rioya etmayotgani, bu esa ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga va mutasaddi tashkilotlarga murojaatlar sonining ortishiga olib kelayotgani taʼkidlangan.

    Soʻrovda ayrim transport vositalarining eskirgani va texnik holatining talabga javob bermasligi harakat paytida baxtsiz hodisalarning roʻy berishi ehtimolini oshirayotgani, shu bilan birga, atrof muhitning ifloslanishi ortib, tirbandliklar kun sayin dolzarb muammoga aylanayotgani keltirib oʻtilgan.

    Bundan tashqari, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun avtotransport vositalariga chiqish uchun maxsus moslamalarni oʻrnatish ishlariga yetarli eʼtibor berilmayotgani, shaharlararo jamoat transportidagi hamda bekatlarni rekonstruksiya qilish kabi masalalarda saqlanib qolayotgan muammolar koʻrsatib oʻtilgan.

    Shulardan kelib chiqib, aholining yuqori sifatli va qulay yoʻlovchi tashish xizmatlariga boʻlgan ehtiyojlarini toʻliq qondirish, jamoat transporti korxonalari faoliyatini moliyalashtirish ishlari hamda sohada raqamli texnologiyalarni joriy etish, yoʻnalishsiz taksi faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, aholiga jamoat transporti xizmatlari koʻrsatish, sifatini oshirish va muammoli masalalarni hal etish borasida Transport vazirligi tomonidan koʻrilayotgan choralar haqida maʼlumotlar soʻraldi.

    Shuningdek, senator soʻrovida hududlardagi jamoat transportlari uchun yaratilgan sharoitlar, transport vositalarining texnik holati belgilangan talablarga javob berishi, kunlik yoʻlkira haqi reja-topshirigʻini bekor qilish, shaharlararo jamoat transportlari qatnovini yaxshilash, chiptalar sotilishi va soha shaffofligida oʻz yechimini kutayotgan va korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etish kabi masalalarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumot berilishi hamda sohaga doir qonunchilikni takomillashtirishga oid tegishli takliflar taqdim etish soʻraldi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.