Uchrashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasida fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik aloqalarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama etildi.
Uchrashuv avvalida Transport vaziri Ilhom Mahkamov soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasida fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik aloqalari jadal rivojlanib borayotganligini alohida qayd etib oʻtdi. Xususan, aviatsiya xizmatlari bozorini liberallashtirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar natijasida soʻnggi uch yilda Birlashgan Arab Amirliklarining Flydubai, Air Arabia-Sharja va Air Arabia-Abu Dhabi kabi aviakompaniyalari Oʻzbekiston bozoriga kirib kelganligi, shuningdek, Wizz Air-Abu Dhabi loukost aviakompaniyasiga Oʻzbekistonning tegishli xalqaro aeroportlariga muntazam parvozlarni amalga oshirish huquqi berilganligini taʼkidlab oʻtdi.
Ikki davlat oʻrtasidagi kelishuvlarga muvofiq bugungi kunda Oʻzbekiston va BAA oʻrtasida muntazam aviaqatnovlar soni haftasiga jami 18 ta, oyiga 74 tani tashkil etyapti.
Oʻz navbatida elchi janoblari xorijiy davlatlarning aviatsiya maʼmuriyatlari bilan kelishgan holda havo qatnovlari sonini oshirish, yangi yoʻnalishlarda parvozlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha Transport vazirligi tomonidan olib borilayotgan saʼy-harakatlarni yuqori baholadi. Ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikning yanada rivojlanishi har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligini qayd etdi.
Uchrashuv davomida, shuningdek, Flydubai aviakompaniyasining Dubay–Toshkent yoʻnalishidagi parvozlari sonini haftasiga 7 marotabaga yetkazish toʻgʻrisidagi masala yuzasidan fikr almashildi. Vazir va elchi janoblari ushbu masala atrofida yuzaga kelgan holatni atroflicha muhokama qildi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov mamlakat aviatsiya bozorining barcha ishtirokchilari uchun teng raqobat muhitini yaratish, ochiq bozor tamoyillariga amal qilinishini taʼminlash oʻzining birinchi galdagi vazifasi ekanligini taʼkidladi. Uchrashuv yakunida yuqoridagi masala Oʻzbekiston va BAA aviatsiya maʼmuriyatlarining navbatdagi uchrashuvida hal qilinishi yuzasidan kelishuvga erishildi.
Elchi, oʻz navbatida, ikki mamlakat fuqaro aviatsiyasi sohasidagi munosabatlar faqatgina aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasidagi kelishuvlariga muvofiq hal etilishi hamda ushbu jarayonlarga biror-bir aviakompaniya vakillarining bevosita yoki bilvosita taʼsir koʻrsatishiga yoʻl qoʻyilmasligini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini qayd etdi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.