Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra:
– jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan transport vositalarini Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boʻlinmalarida majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishda harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalaridan foydalanish tartibini joriy etish;
– 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan M1 toifadagi avtotransport vositalarini tadbirkorlik subyektlari - yuridik shaxslar tomonidan majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishda harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalaridan foydalanish.
– Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi 2021-yil 1-sentyabrga qadar davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari uchun bittadan harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalarini xarid qiladi va foydalanishga kiritadi.
Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati uchun harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalarini xarid qilish hamda malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda xodimlarni oʻqitish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, xodimlarini ragʻbatlantirish va mukofotlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati harbiy boʻlinmalarining transport vositalari mazkur idoralar tomonidan belgilangan tartibda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkaziladi.
Shuningdek, transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
– jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan avtomototransport vositalari, elektromobillari va ularning tirkamalarini, shuningdek, tramvay va trolleybuslarni texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi;
– transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun moʻljallangan ishlab chiqarish-texnika bazasi joylashtiriladigan xona va maydonlarga doir talablar;
– transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish muddatlari va davriyligi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi 2021-yil 1-iyulga qadar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda avtotransport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlariga axborot xavfsizligi talablarini inobatga olgan holda, Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining “Texnik koʻrik” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kirish imkoniyatini yaratish choralarini koʻradi.
Belgilansinki:
– tadbirkorlik subyektlari “Texnik koʻrik” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga toʻliq integratsiya qilingunga qadar texnik koʻrikdan oʻtgan va texnik soz deb topilgan har bir transport vositasiga tadbirkorlik subyektlari tomonidan ularning texnik holati haqida dalolatnoma beriladi;
– tadbirkorlik subyektlari tomonidan beriladigan dalolatnoma Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlarida texnik koʻrik natijalarini qoʻshimcha texnik koʻrik oʻtkazmagan holda “Texnik koʻrik” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritish uchun asos boʻladi.
2021-yil 1-sentyabrdan boshlab xorijiy davlatlarga chiqadigan transport vositalaridan tashqari barcha transport vositalariga texnik koʻrikdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi talonlarni berish amaliyoti bekor qilinsin.