Transportlar harakati tartibga solindi

    “Damas” rusumli yoʻlovchi tashish uchun moʻljallangan avtotransport vositalarining harakatlanishiga ruxsat berilishi xususida takliflar bildirilmoqda.

    Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy shahri va viloyat hududlarida jamoat transportlarining kamligi, ayrim hollarda yoʻnalishdagi avtobuslar tomonidan pandemiya talablariga zid ravishda aholiga xizmat koʻrsatilayotganligi, shuningdek, yoʻnalishsiz taksilar tomonidan yoʻl kiralarning asossiz ravishda oshirilayotgani holatlari haqida maʼlumotlar tarqalmoqda. Ayniqsa, “Damas” rusumli yoʻlovchi tashish uchun moʻljallangan avtotransport vositalarining harakatlanishiga ruxsat berilishi xususida takliflar bildirilmoqda.

    Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, “Oʻzbekiston Respublikasiga Koronavirus pandemiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasi”ning 2020-yildagi 31-avgustdagi 45-majlis bayoniga koʻra, yoʻnalishsiz taksilar, shahar atrofi, shaharlararo avtobuslarga ruxsat berilgan boʻlsada yoʻnalishlarda qatnovlarni amalga oshiruvchi “Damas” avtotransport vositalari bundan mustasno ekanligi qatʼiy belgilab qoʻyilgan.

    Shuningdek, pandemiya davrida ushbu avtotransport vositalari bilan yoʻlovchi tashish faoliyati aniqlanganda Oʻzbekiston Respublikasi M.J.t.Kning 54-moddasi (“Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish”)ga asosan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi mumkinligi koʻrsatib oʻtilgan.

    Yuqoridagilardan kelib chiqib, nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyoda davom etayotgan koronavirus pandemiyasi davrida Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan talab va tartiblarga qatʼiy rioya qilinishini maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

    Bundan tashqari, ayni paytda shahar atrofi va shaharlararo transport qatnovini yaxshilash hamda aholiga sifatli xizmat koʻrsatishni yaxshilash maqsadida tegishli masʼul davlat boshqaruv organlari tomonidan zarur choralar tadbirlar koʻrib borilayotganini maʼlum qilamiz.

    Navoiy viloyati transport boshqarmasi matbuot xizmati