Transyogʻlardan nega voz kechish kerak?

    Salomatlik 17 May 2023 2375

    Koʻpchilik fast-fud, chips, kartoshka fri va turli shirinlik mahsulotlarini sevib isteʼmol qiladi. Biroq ushbu yeguliklarni tayyorlashda ishlatiladigan transyogʻlar tufayli bugun dunyo boʻylab har yili yarim million inson hayotdan koʻz yummoqda.

    Bu haqda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ekspertlari ogohlantirmoqda.

    Xoʻsh, transyogʻlar oʻzi nima? Nega bugun mutaxassislar mazkur turdagi yogʻlardan butunlay voz kechish yoki uning miqdorini minimal miqdorda kamaytirishni tavsiya qilmoqda?

    Transyogʻlar – maxsus usullar yordamida ishlov berilgan toʻyinmagan yogʻ kislotasi hisoblanadi, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi bosh nutritsiologi Guli Shayxova. — Shuningdek, u sigir va qoʻy kabi hayvonlarning sut va goʻsht mahsulotlarida ham tabiiy holda uchraydi.

    Dastlab sunʼiy transyogʻlar moddiy tomondan foydali hisoblangan. Sababi ular tabiiy sariyogʻlarga nisbatan arzon boʻlib, uzoq muddat saqlangan. Qolaversa, u mahsulotlarni bir necha marta qovurish imkonini bergan.

    Aynan transyogʻlar tufayli ham bugun dunyoda fastfud industriyasi gullab-yashnamoqda. Biroq afsuski, bunday yeguliklar sababli jahonda yildan yilga turli xavfli kasalliklar avj olyapti.

    Nega? Chunki inson tanasi uchun yogʻ kislotlari qanday koʻrinishda tushayotgani muhim ahamiyatga ega. Yogʻlar hujayra membranalari va boshqa biologik strukturalarning hosil boʻlishi uchun “qurilish materiali” hisoblanadi. Agar ular sunʼiy sintezlangan trans shaklga ega boʻlsa, organizmda moddalar almashinuvi jarayoniga salbiy taʼsir etadi.

    Xususan, tanada zararli xolesterin miqdorini oshiradi. Yaʼni past zichlikdagi lipoproteinlar qon tomirlar devorida tiqin hosil qilib, ularni toraytiradi. Natijada organizmda qon aylanishi va hayotiy muhim organlarni qon bilan taʼminlash buziladi.

    Oqibatda infarkt, insult va oʻpka arteriyasi tromboemboliyasi kabi turli xavfli kasalliklar kelib chiqadi. Shuningdek, transyogʻlar yalligʻlanish jarayonlarining tezlashishi, ikkinchi toifa qandli diabet va onkologik xastaliklarning rivojlanish xavfini ham oshiradi.

    Shu bois JSST ushbu turdagi yogʻlarni taqiqlash yoki uni kunlik energiya miqdorining 1 foizigacha kamaytirishni tavsiya qilmoqda. Yaʼni, kunlik ratsionda 2000 kaloriya boʻlsa, transyogʻlar 2,2 grammga toʻgʻri kelishi lozim. Biroq bugun ayrim yeguliklar tarkibida ushbu turdagi yogʻlar miqdori kunlik normadan 200 baravar ortiqni tashkil qilmoqda.

    Shunday ekan bunday vaziyatda eng toʻgʻri yoʻl – potensial xavfli yeguliklar tanovulidan butunlay voz kechish yoki ular miqdorini minimal darajada kamaytirishdir.