— Muassasamizda “robot jarrohligi”ni yoʻlga qoʻyish, xususan, ushbu amaliyotni tizza boʻgʻimlari kasalliklarini davolash jarayonida qoʻllashni rejalashtirganmiz, — deydi markaz direktori Murod Irismetov. — Mazkur yangilikning afzalliklari koʻp. Masalan, operatsiya oʻta yuqori aniqlikda bajariladi. Jarayon xavfsizligi taʼminlanadi. Shifokorga inson tanasining eng murakkab qismlari hamda kasallikning eng ogʻir darajalarida xam erkin ishlash imkonini beradi.
Natijada maxsus dastur yordamida murakkab amaliyotlar chogʻida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xirurgik xatoliklarning oldi olinadi.
Ilgʻor diagnostika va muolaja usullarini bosqichma-bosqich tumanlarda ham joriy qilishga kirishganmiz. Jumladan, shu yil davomida tuman (shahar) shifoxonalarida 2 ta yangi diagnostika va 8 ta davolash usuli amaliyotga tatbiq etiladi.
Chunonchi, yurtimizning 48 ta tumani va 10 ta shahrida son suyagi distal oxiri siniqlarini retrograd BIOS qilish, chanoq-son va tizza boʻgʻimlarini total endoprotezlash, son suyagi proksimal oxiri siniqlarini yangi modeldagi BIOS INTERTAN bilan osteosintezlash, butsimon boylamlar jarohatining artroskopik autoplastikasi, PRP terapiya, AO plastinalari bilan osteosintez qilish usullari oʻzlashtiriladi.
Natijada bemorlarning ortiqcha vaqt va mablagʻ sarflab, xorijiy davlatlar yoki poytaxtimiz va viloyatlar markazlariga uzoq tumanlardan qatnovi 10 foizga kamayadi.
Bundan tashqari, bevosita markazning malakali mutaxassislari tomonidan hududlarda 6 mingga yaqin tibbiy koʻriklar, 300 dan ziyod yuqori texnologik operatsiyalar oʻtkaziladi.
Buxoro, Samarqand, Fargʻona, Toshkent va Navoiy viloyatlarida sayyor sikllar tashkil qilinib, mahalliy mutaxassislarni oʻqitish orqali chaqaloqlarda chanoq-son boʻgʻimi displaziyasini UTT yordamida diagnostika qilish usuli yoʻlga qoʻyiladi.
Oʻz navbatida, Xitoy, Rossiya, Germaniya, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Belarus, Hindiston kabi qator rivojlangan davlatlardan malakali mutaxassislarning mamlakatimizga tashrifi amalga oshirilib, ular ishtirokida joylarda mahorat darslari, tibbiy koʻriklar va qoʻshma operatsiyalar oʻtkazamiz.
Shuningdek, tibbiy turizmni rivojlantirish — 2025-yilda oldimizga qoʻygan ustuvor maqsadlarimizdan biri. Bu orqali markazga jalb etiladigan chet ellik bemorlar soni, tibbiy xizmat koʻrsatish hajmi va sifati yanada oshishi, shubhsiz.