Ushbu holatni oʻrganish, ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish ayni paytda dolzarb vazifalardan. Chunki keyingi paytlarda aholining yosh qatlami bevosita tarmoqlardagi kayfiyat, muloqot taʼsirida voyaga yetmoqda. Afsuski, oʻsmirlarning qoʻlidagi telefonni nazorat qilish mushkul boʻlib qoldi.

Shunday paytda ularga taqiq emas, inter­netdan foydalanish madaniyatini oʻrgatish bilan vaziyatni yaxshi tomonga oʻzgartirish mumkin. Biroq bizda hali ham internetdan foydalanish madaniyati toʻla shakllanib ul­gurmagan. Xususan, ayniqsa, yoshlar orasida kibermakonda tez-tez uchraydigan kiberbul­ling holati koʻpchilikni xavotirga solayotgan masalalardan boʻlib turibdi. YUNESKO tad­qiqotlariga koʻra, dunyodagi oʻquvchilarning qariyb 32 foizi turli shakldagi bullingga duch kelgan, shundan 15-20 foizi kiberbul­ling qurboni boʻlgan.

Jahon boʻylab ijtimoiy tarmoqlarda oʻs­mirlarning tajovuzkor xatti-harakatlari, jumladan, kiberbulling boʻyicha yuz berayot­gan holatlar soni ortmoqda. Pew Research Center maʼlumotlariga koʻra, oʻsmirlarning 59 foizi kamida bir marta onlayn haqorat yoki bosimga duch kelgan. JST maʼlumotlari esa kiberbulling qurbonlarida depressiya rivojlanishi xavfi ikki barobar yuqori ekani, oʻz joniga qasd qilish ehtimoli sezi­larli darajada ortishini koʻrsatadi.

Virtual tajovuzning turli variantlari mavjud. Ogʻzaki zoʻravonlik, doʻq-poʻpisa, kam­sitish yoki boshqa foydalanuvchiga nisbatan masxara, haqorat yoki tahdid shular jumla­ sidan. Bir guruh odamlarning yozishmalar orqali shaxsni qabul qilmaslik, rad etish va u bilan muloqot qilishni istamaslik ho­lati guruh zoʻravonligidir. Bunga kichik mi­sol — guruhni tanlash yoki boshqalar bilan birga muloqotga qoʻshilish istagiga qaramay, ishtirokchini umumiy suhbatdan majburan chetlatib yuborish. Boshqa shaxslarning foto va videomateriallarini ijtimoiy tarmoq­qa joylashtirish hamda tarqatish maqsadida ruxsatsiz foydalanish vizual zoʻravonlik deb ataladi.

Olimlar Tvitter, yaʼni X platformasi­dagi oʻsmirlarning kibertajovuzkorligini tahlil qildi. Natijalar tajovuzkorlarni tavsiflash va aniqlash qiyinroq ekanini koʻrsatdi. Chunki ular oddiy foydalanuv­chilar kabi eʼtiborni jalb qilmay, oʻzini juda sipo tutishi mumkin, lekin ayni payt­da kiberbullingdan foydalanishga qodir. Bunday holatda agressiya kiberbullingdan tizimli emasligi bilan farq qiladi. Shu­ning uchun koʻpincha unga jiddiy zarar kel­tiruvchi sabab sifatida qaralmaydi. Biroq bu jabrlanuvchining psixologik toʻkisligi­ga salbiy taʼsir koʻrsatadi va takroriy on­layn taʼqiblar bilan bir xil oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Kiberbullingning oʻziga xosligi va ortib borayotgan xavfi shundaki, anonimlik, yaʼni shaxsini yashirgani tufayli tajovuzkor ja­zosiz qolishi va harakatlari uchun oʻzini ayb­dor his qilmasligi mumkin. Jabrlanuvchi esa muntazam tashvish va qoʻrquvni his qila­di. Kiberbullingning keng tarqalgan shakl­lariga qoʻrqitish yoki muntazam yuborilgan haqoratli xabarlar kiradi. Boshqa birov­ning shaxsiy maʼlumotlarini roziligisiz oshkor etish, boshqa foydalanuvchining obroʻ­siga putur yetkazish maqsadida uni kamsituv­chi maʼlumotlarni tarqatish yoki chop etish, koʻpincha boshqa foydalanuvchiga qaratilgan tahdidlar bilan birga kibertaʼqib qilish, trolling yoki masxaralash, haqoratlash va odobsiz soʻzlarni ishlatish orqali bulling qurboniga taʼsir koʻrsatadi.

Aksariyat hollarda xulq-atvori tajovuz­kor oʻsmirlar kiberhujum qurbonlaridan kam boʻlmagan darajada yordamga muhtoj. Ros­siyalik tadqiqotchilar har xil darajadagi kiberbulling xavfi ostida boʻlgan oʻsmir­larning turli darajali holatini aniqla­di. Maʼlum boʻlishicha, ularning aksariyati uchun tashqaridan yordam soʻrash odatiy hol emas va paydo boʻladigan xavflarni musta­qil yengish qobiliyati intensiv foydalanish bilan bogʻliq. Bundan tashqari, AQSHlik oʻsmirlar orasida onlayn bezorilik tarqa­lishini tizimli koʻrib chiqish maqsadida oʻtkazilgan 32 ta tadqiqot natijasida mam­lakatda kiberbullingning tarqalishi 1 dan 41 foizgacha oʻzgarib turishi maʼlum boʻldi. Shu bilan birga, qurbon boʻlish xavfi 72 foizgacha, tajovuzkor pozitsiyasini egallash esa 16,7 foizgacha yetishi mumkin. 2019-yilda Rossiyada yosh foydalanuvchilarning qariyb 70 foizi kiberbullingdan aziyat chekayotgani, 44,3 foizi esa boshqa odamlarga nisbatan ki­berbullingdan foydalanishi qayd etilgan.

Bu oʻsmirlarni kiberbullingga nima un­daydi degan savol bugun aksariyat tadqiqot­chilar, oʻqituvchilar va ota-onalarni birday qiziqtirayotgani tabiiy. Oʻrganishlarga koʻra, oʻsmirning oʻtmishda tahqirlangani uchun qasos olishga intilishidir. Tengdosh­larining bosimi ham oʻquvchilarni onlayn bezorilikka undashi mumkin. Chunki ular oʻzi uchun obroʻli shaxs sifatida harakat qiladi­gan doʻstlar guruhiga moslashishga intiladi.

Baʼzi tadqiqotlarga koʻra, kiberbulling qurboni boʻlish ehtimoli ayollar orasida yuqori. Internetda koʻp vaqt oʻtkazadigan va onlayn xavfli xatti-harakatlarga jalb qi­lingan, shuningdek, anʼanaviy maktab bezo­riligi qurboni boʻlganlar aksariyat hollarda qizlardir.

Oʻsmir bolalar kiberbullingga koʻproq moyil boʻladi. Qizlardan farqli oʻlaroq, ular oʻsmirlik davrida tajovuzkor zoʻravon­likni boshdan kechiradi va bu haqda ota-ona­larga yoki oʻqituvchilarga kamroq xabar beri­ladi.

Kiberbulling bolalar va oʻsmirlarning psixologik toʻkisligiga sezilarli taʼsir koʻrsatsa-da, bu taʼsirni kamaytiradigan qator omillar mavjud. Birinchi navbatda, oilaviy munosabatlardan qoniqish hissi ki­berbulling qurbonlarining oʻz joniga qasd qilish niyatini kamaytiradi. Bunday xavfni kamaytiradigan yana bir omil maktabdagi mu­hitning nazorat qilinishi va tartibga soli­nishidir. Shuningdek, kiberbullingning ol­dini olishdagi asosiy yoʻnalishlar sifatida internet platformalarining xavfsizlik da­rajasini oshirish, bolalar va ota-onalarni internetda adekvat xatti-harakatlarga oʻrga­tish kabi mezonlar muhim.

Baʼzi ijtimoiy tarmoqlardagi akkaunt­larda maxfiylik sozlamalarini oʻrnatish imkoniyati mavjud. Bu esa foydalanuvchi­larga salbiy sharhlardan qutulish va huquq­buzarlarni bloklash imkonini beradi. Shu bilan birga, tarmoq maʼmuriyatiga yozish yoki zoʻravonlik holatlari haqida xabar berish mumkin.

Internet va ijtimoiy tarmoqlar rivoj­langani sayin bizning jamiyatga ham kiber­bulling xavfi ortib bormoqda. Maktablarda oʻsmirlarning tajovuzkor xatti-harakatla­rining oldini olish uchun maxsus dasturlar ishlab chiqilishi lozim. Pedagoglarning psixologik kompetensiyasini oshirish va voyaga yetmaganlarning tengdoshlari bilan munosabatlaridagi psixologik muammolar­ni bartaraf etish zarur. Virtual zoʻravon­likdan aziyat chekkanlar bilan individual va guruhli psixoterapiya usullari orqali shugʻullanish tavsiya etiladi.

Kiberbulling va anʼanaviy maktab zoʻra­vonligining oʻzaro bogʻliqligi dolzarb masa­ladir. Bezorilikning bu turlaridagi odatiy ketma-ketlik va rivojlanish qay holatda eka­ni, muloqotning qanday shakllaridan foyda­lanilishi va ularni bezorilik jarayoni ish­tirokchilari qanday qabul qilishini aniqlash virtual hamda real tajovuzning tuzilishi va dinamikasini aniqlashga yordam beradi.

Kamoliddin TOʻRAYEV,

falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent