“Trip.com Group Ltd.” kompaniyasi mamlakatimiz turizm salohiyatini keng targʻib etishda hamkorlik qiladi

    Turizm 8 Noyabr 2022 864

    Joriy yil 7-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligida Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov va Xitoyning “Trip.com” kompaniyasi ijrochi raisi Jeyms Lian oʻrtasida uchrashuv tashkil etildi.

    Maʼlumot uchun, “Trip.com Group Ltd.” kompaniyasi 1999-yilda tashkil etilgan boʻlib, shtab-kvartirasi Shanxayda joylashgan. U “NASDAQ” va “NKEX” birjalarida roʻyxatga olingan dunyodagi yetakchi onlayn-sayyohlik kompaniyalaridan biri hisoblanadi.

    “Trip.com Group Ltd.” kompaniyasi dunyoning 32 davlatida 21 tilda 400 million foydalanuvchiga havo va temir yoʻl chiptalarini bron qilish, mehmonxonalar, avtoulovlarni ijaraga berish, turlar, vizani qoʻllab-quvvatlash kabi masalalarni oʻz ichiga olgan toʻliq xizmatlar toʻplamini taqdim etadi. Shuningdek, u “Dailymotion”, “Skyscanner” va “Qunar” onlayn platformalari uchun dunyodagi yetakchi sayyohlik xizmatlarini yetkazib beruvchi hisoblanadi. Kompaniya Xitoyning turizm bozorining 85% dan ortigʻini qamrab oladi.

    Uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad – Oʻzbekistonning Xitoydagi xabardorligini oshirish, turizm salohiyatini keng targʻib etish va xitoylik sayyohlar oqimini oshirish maqsadida Xitoyning “Trip.com Group Ltd.” kompaniyasi va Turizm va madaniy meros vazirligi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumini imzolashdir.

    Uchrashuv doirasida Oʻzbekistonning turizm salohiyatini “Trip.com” onlayn platformasining resurslari orqali keng targʻib etish, xususan, xorijiy kompaniyaning marketing resurslaridan foydalangan holda Oʻzbekistonning (brend) xabardorligini oshirish, Oʻzbekistonda mavjud mehmonxonalar, yangi turistik obyektlar, diqqatga sazovor joylar, gastronomiya va boshqalar maʼlumotni muntazam ravishda va batafsil yangilab borish, yangi qurilgan turistik obyektlar koordinatalari va maʼlumotlarini GPS xaritasida joylashtirish hamda sayyohlar oqimini oshirish yuzasidan uzoq muddatli hamkorlik qilish masalalari muhokama etildi.

    Uchrashuv doirasida xorijiy kompaniyasi ijrochi raisi, Oʻzbekistonning turizm sohasidagi ulkan salohiyatini inobatga olgan holda, “Trip.com” platformasida Oʻzbekistonning turistik salohiyatini dunyo boʻylab targʻib etish, marketing tadqiqotlarini oʻtkazish, xitoylik sayyohlar uchun yangi turistik yoʻnalishlarni yaratish, Xitoylik turistlarga mamlakatimizni eng yaxshi yoʻnalish sifatida ochib beruvchi PR kompaniyasini tashkil etishni rejalashtirayotgani haqida soʻz yuritdi.

    Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida, Turizm va madaniy meros vazirligi va “Trip.com” kompaniyasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.