Oʻzbekiston diplomatik missiyasi rahbari korxona rahbari Boguslav Chernek bilan muzokaralar oʻtkazdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Unda Oʻzbekiston tomoni bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, mamlakatdagi loyihalarga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida polyak tomoni bilan Surxondaryo viloyatida chilim tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, Samarqand viloyatida kofe mahsulotlarini qadoqlash va yer yongʻoqli shokolad mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish xususida fikr almashildi.
Boguslav Chernekning aytishicha, ushbu loyihalar investorning toʻgʻridan-toʻgʻri mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi. Buning natijasida oyiga 60 tonnagacha mahsulot ishlab chiqarilishi hamda 500 ga yaqin qoʻshimcha ishchi oʻrinlari yaratilishi kutilmoqda.
Maʼlumot uchun, “Orion Tobacco Poland Sp. z o.o.” kompaniyasi, nozik kesilgan tamaki, trubkali tamaki va shisha tamaki ishlab chiqarish boʻyicha Polshada yetakchi hisoblanadi. Hozirgi kunda korxona mahsulotlari dunyoning 20 dan ziyod davlatlariga eksport qilinmoqda.