Xususan, joriy yilning 20-24-iyullarida oʻtkazilgan savdo natijalariga koʻra barcha markali sementning oʻrtacha narxlarida har kuni bir maromda pasayish kuzatilib, hafta yakuni bilan mahsulotning bir tonnasi uchun narxlar 891,4 ming soʻmdan 848,5 ming soʻmgacha, yaʼni 5 foizga pasaydi.

Koʻrib chiqilayotgan davrda birja savdolariga jami 211,5 ming tonna sement qoʻyilgan boʻlib, ulardan 208,0 ming tonnasi, yaʼni 98,4 foizi sotilgan. Jumladan, forvard shartnomalari asosida 2,5 ming tonna sement birja savdolariga qoʻyildi va ularning barchasi sotildi. Forvard shartnomasi asosida sotilgan sementning narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 855,0 ming soʻmni tashkil qildi.

Ayni paytda birjada sement uchun narxlar faqatgina haqiqiy bozor tamoyillari asosida talab va taklifga koʻra shakllanib bormoqda.

Eslatib oʻtamiz, kecha, yaʼni 23-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sement importi tartibini soddalashtirish hamda ichki bozorni sifatli sement bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga koʻra, endilikda, respublikaga olib kiriladigan sementni erkin muomalaga chiqarishni soddalashtirilgan tartib asosida amalga oshirish amaliyoti qoʻllaniladi.

Bundan tashqari, kelayotgan haftada yillik umumiy sement ishlab chiqarish quvvati 500 ming tonna boʻlgan “Bekabodsement” AJ Yangiyoʻl maydalash sexining mahsulotlari ham birja savdolariga qoʻyilishi rejalashtirilgan.

Yuqorida koʻrsatilgan qarorning qabul qilinishi hamda yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushishi ichki bozorni sifatli sement mahsulotlari bilan toʻyintirish va sementning amaldagi narxlarini arzonlashtirishga olib kelishi kutilmoqda.