Toshkent tibbiyot akademiyasi oftalmologiya kafedrasi mudiri, professor Erkin Bilolov hamda akademiya koʻp tarmoqli klinikasi jarrohlik ishlari boʻyicha bosh shifokor oʻrinbosari Bahriddin Karimberdiyev tashabbusi bilan Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi “Muruvvat uyi”da istiqomat qiluvchi bir guruh qariyalar uchun xayriya tadbiri tashkil etildi.

Xayriya aksiyasi davomida kafedra xodimlari saʼy-harakati bilan birinchi bosqichda koʻzida shikoyati boʻlgan 20 nafar faxriy toʻliq oftalmologik tekshiruvlardan oʻtkazilib, 14 nafariga jarrohlik amaliyoti tavsiya etilgan boʻlsa, 6 nafariga konservativ davolanish chora-tadbirlari zarurligi aniqlandi.

Ikkinchi bosqichda order asosida ularning sifatli va toʻlaqonli tibbiy davolanishi uchun kerakli barcha hujjat yigʻilib, tegishli tashkilotlarga yuborildi. Ushbu “Muruvvat uyi”da yashovchi 250 ga yaqin otaxon va onaxonni oftalmologik skriningdan yil oxirigacha bosqichma-bosqich oʻtkazish rejalashtirilgan. Tekshiruvlar doirasida oftalmologik tibbiy yordamga muhtoj qatlamni ajratib olib, ularga sifatli tibbiy yordam koʻrsatish asosiy maqsad sifatida belgilab olingan.