Toshkent tibbiyot akademiyasi talabalari yaqinda akademiya professori R.Toʻraqulov rahbarligidagi bir guruh talaba qizlar akademik mobillik almashinuvi dasturi doirasida Janubiy Koreyaning Seul shahridagi Yonsei Prime Hospital klinikasida boʻldi. Akademiya talabalari — Marjona, Muslima va Mohinurbonu Koreyadagi taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.
G.Mirzayeva: Marjona Toshkent tibbiyot akademiyasining bir guruh talabalari Xalqaro mobillik almashinuv dasturi doirasida Janubiy Koreyada amaliyot oʻtab qaytdingiz, taassurotlar qanday boʻldi?
Marjona: Assalomu alaykum. Janubiy Koreya sogʻliqni saqlash tizimi dunyoda yetakchi oʻrinlardan birini egallaydi. Bu, avvalo, mamlakatda soha uchun malakali kadrlar tayyorlash borasida yoʻlga qoʻyilgan innovatsion oʻquv metodikalari va ilgʻor taʼlim dasturlari bilan bogʻliq boʻlsa kerak, deb oʻylayman. Meni eng katta taassurot qoldirgani shifokor, hamshira, bemorlar oʻrtasidagi oʻzaro qatʼiy tartib-intizom zanjiri boʻldi.
G.Mirzayeva: Muslima, “Yonsei Prime” klinikasida amaliyot davrida nimalarni oʻrgandingiz, qanday jihatlari bilan ushbu klinika ajralib turadi?
Muslima: Birinchi manzilimiz Mr.Lee yoʻlboshchiligida Seul shahrida joylashgan “Yonsei Prime Hospital”i boʻldi. Janubiy Koreyadagi eng mashhur travmatologiya-ortopediya va reabilatologiyaga ixtisoslashtirilgan klinika boʻlib, biz barcha boʻlimlar faoliyatini oʻrgandik. Klinikaning laborator-instrumental diagnostik qurilmalari: raqamli rentgen, MRT va laborator qurilmalari bilan tanishdik. Klinika direktori Yoon Kyung Hvan yelkaning artoskopik jarrohligida yangi mualliflik usullari bilan tanishtirdi. Bu usulda yelka kamari paylari jarohatida allotransplatatsiya (“inson terisi” koʻchirib oʻtqazish) orqali jarohatlangan pay oʻrni tiklanadi. Ushbu qiziqarli "Superior capsular reconstruction" nomli maʼruza yakunida turli savollar tugʻildi va direktor Yoon bizni qiziqtirgan barcha savollarga javob berdi.
G.Mirzayeva: Mohinurbonu koreyalik klinika professorlari tomonidan maʼruzalar oʻqildi, ushbu maʼruzalarda nimalarni oʻrgandingiz?
Mohinurbonu: “Yonsei Prime Hospital”ning “Umurtqa pogʻonasi” markazi direktori, professor Kim Taehyun “Biportal endoscopic spinal surgery” mavzusidagi maʼruzasi bilan amaliyotidagi yutuqlarni tanishtirdi va maʼruza soʻngida biz bilan ushbu mavzu boʻyicha suhbat oʻtkazdi. “Boʻgʻim markazi” direktori professor Hvang Chan-ha “Artificial joint replacement” mavzusidagi maʼruzasi tizza boʻgʻimida uchrovchi jarrohlik amaliyotlari xususida, amaliyotdan oldingi holat va keyingi oʻzgarishlarni tubdan yoritib berdi. Toshkent tibbiyot akademiyasida ham tizza boʻgʻimi jarohatlari boʻyicha jarrohlik amaliyotlari ham rivojlangan va buni amaliy darslarda koʻrib oʻrganganmiz. Shu sababli Janubiy Koreyada bu sohadagi oʻziga xos jarrohlik usullari bizni qiziqtirdi va oʻzimizga kerakli bilim va koʻnikmalarga ega boʻldik. Yonsei Prime Hospitalda biz jarrohlik amaliyotida ham qatnashdik. Yonsei Prime Hospital ”Umurtqa pogʻonasi” markazi direktori Kim Taehyun boshchiligida olib borilgan “Full — endoscopic decorpressions via an interlaminar approach” yopiq jarrohlik amaliyotida bevosita qatnashdik.
G.Mirzayeva: Marjona Koreyaning yana bir zamonaviy klinikasi “Yongin Severance Hospital”da amaliyot tanishuv davri qanday boʻldi?
Marjona: Ushbu klinika eng ishonchli tibbiy xodimlarining imkoniyatlari jamlangan, Janubiy Koreyada tashkil etilgan birinchi zamonaviy tibbiyot muassasasi. “Yongin Severance Hospital” raqamli innovatsiyalarning samarali tizimi orqali xavfsiz va yuqori sifatli tibbiy xizmatlarni taqdim etuvchi Osiyodagi eng zamonaviy klinikalardan biridir. Klinika davolanishga multiditsiplinar yondashuvni qoʻllaydi, mazkur shifixonada turli klinik boʻlimlar birgalikda ishlaydi va tezkor tibbiy yordam, tizimli davolanishni taklif qiladi. “Yongin Severance Hospital” innovatsion davolash jarayonlari, ilgʻor raqamli yechimlar va bemorlar xavfsizligini ustuvor vazifasi sifatida tatbiq etish orqali Koreyada tibbiyot uchun yangi tizim taqdim etuvchi shifoxonaning kelajakdagi modelidir. Bizni klinikada iliq kutib olishdi va klinika faoliyatini tubdan oʻrganib chiqdik. Tanishuvni klinkaning “Axborot-resurslarni boshqarish” boʻlimidan boshladik. Bu boʻlimda mijozlarning qulayligi va talablarini oliy darajada qondirish uchun 5G, sunʼiy intellekt va tibbiyot interneti (IoMT) asosida ishlovchi keng spektrli aqlli “Informasion-kommunikativ texnologiya” bemorlarni tashxislash, shuningdek, bemorlarni davolashni loyihalash uchun zamonaviy texnologiya yutuqlaridan foydalanadi.
Muslima: Shuningdek, kasalxonada 20 tadan ortiq robotlar majvud, ular klinika boʻylab, bemorlarga va klinika xodimlariga koʻmaklahadi. Bundan tashqari COVID-19 pandemiyasi davrida epidemiologik holatni barqarorlashtirish maqsadida har bir bemor, bemor yaqinlari va tibbiy xodimlarining GPS orqali harakat trayektoriyasini doimiy kuzatib borish klinikada yoʻlga qoʻyilgan. Zamonaviy tibbiyot yutuqlari bilan tanishgach, klinikaning “Laborator-diagnostika” va “Patologiya” boʻlimlarida boʻldik. Ushbu boʻlimlarda tekshiruv materillari inson faktori orqali emas, balki maxsus transport tizimi orqali toʻgʻridan toʻgʻri bemor palatasi yoki operatsion xonadan boʻlimga yetib keladi va bu materiallar avtomatlashtirilgan mashinalar orqali saralanadi, maxsus uskunlarda sunʼiy intellekt orqali diagnostika qilinadi. Shuningdek, “Patologiya” boʻlimida tayyorlangan preparatlar mikrospoklarda emas, maxsus skaynerlar orqali ekranlarda baholanadi va mazkur tasvir baʼzi hollarda Amerika, Yaponiya olimlariga yuborilishi hamda ular bilan fikr almashish imkoniyatini beradi. Keyingi manzilimiz esa klinikaning “Radiologiya” boʻlimi boʻldi. Ushbu boʻlim 3 ta raqamli rentgen va 2ta 3 teslali MRT qurilmalari bilan jihozlangan.
Mohinurbonu: Qolaversa, biz Seulning eng markaziy mavzesi Gangnamda joylashgan Janubiy Koreya boʻylab 12 ta filialga ega akusherlik va ginekologiyaga ixtisoslashtirilgan “Roen Premuim Medical Service” klinikasida ham boʻldik. U yerda bizni klinika asoschisi va direktori Mr. Sungrae Roh juda iliq kutib oldilar. Bizni klinika bilan shaxsan direktor Mr.Sungrae Roh tanishtirdilar: koʻrik xonalari, laboratoriya, bemorlar palatalari va operatsion xonalarni oʻrgandik. Barcha jihozlar va qurilmalar juda zamonaviy, bemorlar va homiladorlar uchun barcha qulayliklar mavjud. Klinika shifokorlari bilan suhbat paytida nafaqat tibbiy bilim va koʻnikma bilan boʻlishishdi, balki tibbiyot olamida qanday shifokorlar qadrlanishi va qanday maqsadga erishish haqida ham oʻz tavsiyalarini berishdi.
G.Mirzayeva: Qizlar ushbu davr davomida Koreyaning milliy madaniyati, tarixi bilan tanishuvlar qanday boʻldi?
Marjona: Janubiy Koreyaning tibbiyotini oʻrganish davomida Koreya xalqining madaniy merosi, qadim madaniy obidalari bilan ham tanishdik. Jumladan, “Suwon Hwaseong Fortress” tarixiy majmuasiga taʼshrif buyurdik va Koreyani oʻzimiz uchun yana bir bor kashf qildik. Qalʼa tarixi bilan tanishar ekanmiz, uning qurilish sababini bilgach, barcha millat va ellat qadriyatlarida mushtaraklik borligi haqida firk yuritdik. Chunki qalʼa 18-asr oxirida qirol Jeongjo tomonidan uning marhum otasi Jangheonning xotirasiga atab qurilgan ekan. Bu tarixiy majmua oʻgʻilning otasiga boʻlgan cheksiz muhabbati timsolidir.
Muslima: Dam olish kunlarida Seoul shahrida joylashgan Geongbokgung saroyi tarixi bilan yaqindan tanishdik. Geongbokgung saroyini 1394-yilda Xoseon sulolasi davrida Birinchi qirol Taejo tomonidan qurilgan. Ushbu tarixiy kompleks Changdeokgung saroyi va Geonghuigung deb nomlangan malika saroyi va shahzoda saroyi kabi kichik saroylardan iborat. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun Koreyaning Milliy saroy muzeyi mavjud. Mehmonlar Geongbokgung saroyidagi nozik Qirollik saroyining mohiyatini koʻrishlari uchun Koreyaning milliy libosi Xanbokdan foydalanish imkoniyatiga ega.
Mohinurbonu: Amaliyotimiz tashkilotchilari tomonidan bizni har tomonlama vaqtimizni koʻtarinki kayfiyat va yuqori samaradorlikni taʼminlagan holda oʻtkazishimiz uchun tashkil qilingan Janubiy Koreyaning diqqatga sazovor tarixiy va zamonaviy joylariga kichik sayohatlar xotiramizda butun umrga oʻchmas iz qoldirdi deb oʻylayman. Bizning jamoamiz har bir aʼzosi shu jumladan, men uchun ham juda katta ahamiyatga ega boʻlgan amaliyot boʻldi, bizda yangicha dunyoqarash, gʻoyalar, maqsadlar shakllandi. Men olgan taassurotlarim, orttirgan bilimlarimni TTA da tahsil oluvchi talabala tengdoshlarimga aytib bermoqchiman va ularga ishontirib aytishim mumkinki oʻz ustida tinmay ishlovchi, shijoatli, tashabbuskor, ilgʻor talabalarni qoʻllab-quvvatlayotgani uchun Akademiyamiz rahbariyatiga, professor-oʻqituvchilarimizga oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz!
Muslima: Avvalo, Toshkent tibbiyot akademiyasida biz yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar, iqtidorli talabalarni qoʻllab-quvvatlash tizimining samaradorligi, ustozlarimizning jonkuyarligi sabab , bir qancha xalqaro va respublika miqyosidagi olimpiadalar gʻolibi, Akademik Uktam Aripovich Aripov nomidagi stipendiya sohibasi boʻldim, oʻndan ziyod maqola va tezislarim oʻzbek, rus va ingliz tillarida xalqaro va mahalliy jurnallarda chop qilindi, ilmiy konferensiyalarda muntazan qatnashib kelaman. Menga bildirilgan ushbu ishonchni oqlashga, olgan bilimlarimni yurt – Vatan manfaati uchun qoʻllashga vaʼda beraman.
Marjona: Bizni yorqin kelajak, ulkan rejalar, maqsadlar sari dadil qadamlar kutyapti. Biz 1 — va 2 — Renessans haqida maktabda oʻqib bildik, lekin 3-Renessansda biz oʻzimiz ham bevosita ishtirok etamiz. Bu har bir yoshni ilhomlantirishi, olgʻa undashi shubhasiz. Bizga katta ishonch va masʼuliyat bagʻishlaydi. Imkoniyat har birimizga taqdim etilayapti. Bizdan faqat undan toʻgʻri foydalanish talab etiladi, xolos. Bilimga asoslangan davlat kuchli va qudratli boʻlishini rivojlangan davlatlar misolida koʻrmoqdamiz. Bu imkoniyatlar uchun Prezidentimizga, TTA rahbariyatiga rahmat aytamiz va Vatan koriga yarash uchun ilm olishga va uni qoʻllashga harakat qilamiz!