TTAda semestrdan yiqilgan talabalarning ijtimoiy tarmoqlar orqali qilgan arzi yuzasidan rasmiy munosabat

    Salomatlik 31 Mart 2021 3551

    Farzandlari O‘zbekistondagi nufuzli chet el oliygohida tahsil olayotganlar yaxshi biladi.

    Shartnoma shartlari so‘zsiz bajariladigan ikki tomonlama kelishuvga asosan talaba semestr payti bitta fandan yetarli ball to‘plolmagan bo‘lsa, bir yil ortga chekinib o‘sha fanni qayta o‘qiydi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent tibbiyot akademiyasining bir guruh talabalari kursda qoldirilganliklaridan norozilik bildirilgan video murojaat tarqaldi. Unda bir guruh talabalar va ularning yaqinlari go‘yoki Akademiya rahbariyati Prezident farmon va qarorlariga rioya qilmaganligi va ayrim talabalarga ball yetmaganligi vajini keltirishgan. Bunga nisbatan Toshkent tibbiyot akademiyasi quyidagi ma'lumotlarni taqdim etadi.

    O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 3069-raqami bilan ro‘yxatdan o‘tgan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining 2018 yil 9-avgustdagi 19-2018-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Oliy ta'lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi to‘g‘risida»gi nizomga ko‘ra talabaga oraliq va (yoki) yakuniy nazorat turini qayta topshirish uchun berilgan muddat davomida talaba tomonidan qayta topshirishlar soni 2 martadan ko‘p bo‘lmasligi kerakligi, oraliq nazorat turini topshirmagan, shuningdek ushbu nazorat turi bo‘yicha «2» (qoniqarsiz) baho bilan baholangan talaba yakuniy nazorat turiga kiritilmasligi belgilangan.

    Akademiyada tahsil olayotgan talabalar soni 5570 tani tashkil qilib, o‘tgan 2020 yilning 16-martidan boshlab barcha talabalar pandemiya tufayli masofaviy ta'lim olishdi va 2019-2020 o‘quv yili uchun bahorgi semestrni masofaviy yakunlashdi.

    2020-2021 o‘quv yili kuzgi semestrni sentyabr oyida talabalar masofaviy ta'lim bilan boshlab, oktyabr oyidan an'anaviy ta'limga o‘tdilar.

    Joriy yilning 11-yanvaridan 31-yanvariga qadar bo‘lgan davr oralig‘ida talabalar fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlar turlarini topshirib kuzgi semestrni yakunlashdi.

    Ammo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5-iyundagi PQ-3775-sonli qaroriga muvofiq qabul qilingan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining 2018 yil 9-avgustdagi 19-2018-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Oliy ta'lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi to‘g‘risida»gi nizomga asosan fanlarni o‘zlashtira olmagan hamda oraliq va yakuniy nazorat turlarini topshira olmagan talabalarga bahorgi semestrni boshida, ya'ni 2021 yilning fevral oyida to‘liq qayta topshirish uchun Akademiya kafedralarida navbatchiliklar tashkil qilinib, talabalar uchun qo‘shimcha maslahatlar kabi imkoniyatlar yaratildi.

    Qayta topshirish uchun berilgan muddat davomida akademik qarzdor talabalar haqida har haftaning shanba kuni o‘tkaziladigan koordinatsion kengashda muhokamalar olib borilib, unda dekanat xodimlari tomonidan fanlarni belgilangan muddatda o‘zlashtira olmagan talabalarni har biri akademik qarzdorliklari to‘g‘risida ogohlantirilgan.

    Bundan tashqari, joriy yilning 2021-yilning yanvar – fevral oylarida O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor talabalar bilan yig‘ilish o‘tkazib, qonunchilikda belgilangan muddatda fanlarni o‘zlashtirmagan hamda oraliq va yakuniy nazorat turlarini topshirolmagan talablar kursda qoldirilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan va bu to‘g‘risida ota-onasini ogohlantirish haqida tushuntirish berilgan.

    Biroq, Nizomda belgilangan imkoniyatlar tugagan bo‘lsa-da, rektor Alisher Shodmonov talabalar bilan shaxsan o‘zi uchrashib, Akademiya kengashidan ularga yana bir bor imkoniyat berish tashabbusi bilan chiqqanidan keyin, Kengash qarori bilan talabalarga 2021 yilning 11-martiga qadar qayta qarzdorliklarini qayta topshirish uchun qo‘shimcha vaqt va uchinchi marotaba imkoniyat berilgan.

    Kuzgi semestr yakuniga qadar akademik qarzdor talabalar soni ming nafarga yaqin bo‘lgan.

    Akademiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy ta'lim muassasalarida ta'lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2018 yil 5-iyundagi PQ-3775-sonli qaroriga muvofiq Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining 2018 yil 9-avgustdagi 19-2018-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Nizom talablariga rioya qilinganidan so‘ng, qayta topshirish imkoniyatidan uchinchi marta ham o‘ta olmagan talabalarning umumiy soni 216 tani tashkil qildi. Ulardan 8 nafari grant asosida va 208 nafari kontrakt asosida ta'lim olishmoqda.

    Akademik qarzdor talablarga quyidagi kesimda kursda qoldirish to‘g‘risidagi buyruq chiqarildi:

    - davolash fakulteti bo‘yicha 173 (7 ta grant) ta talaba. Shundan, 2-kursda 79 ta (2 ta grant), 3-kursda 90 ta (5 ta grant), 6-kursda 5 ta talaba;

    - tibbiy pedagogika fakulteti bo‘yicha 23 ta (1 ta grant). Shundan, 2-kursda 7 ta, 3-kursda 15 ta, 6 kursda 1 ta talaba;

    - tibbiy profilaktika fakultetida 19 ta (2 ta grant). Shundan, 2-kursda 9 ta, 3-kursda (2 ta grant) talaba.

    Gulchehra Mirzaeva, Toshkent tibbiyot akademiyasi

    Matbuot xizmati