TTESI talabalari oʻqishni xorijda davom ettiradi

    Ta'lim 15 Dekabr 2023 974

    Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti rektori Davron Vaxabov Koreya xalqaro hamkorlik agentligining (KOICA) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori Shin Myung Seop bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Hozirgi kunda Savdo-sanoat palatasi va KOICA oʻrtasida byudjeti 5,5 million dollar boʻlgan “Oʻzbekistonda biznes-inkubatorlarni yaratish va tadbirkorlikning oʻsishini ragʻbatlantirish” loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinyapti.

    Loyiha Koreyaning ilgʻor tajribasini hisobga olgan holda ish boshlagan tadbirkorlarga biznes gʻoyalari va loyihalarini amalga oshirishda har tomonlama yordam koʻrsatish tizimini rivojlantirishga qaratilgan.

    Bugungi uchrashuvda tomonlar TTESIning raqamlashtirish jarayonini boshlash hamda uning kelajakdagi istiqbollari xususida suhbat qurdi, deb xabar beradi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.

    Muzokaralar natijasida institut talabalari manfaatlaridan kelib chiqqan holda Davron Vaxabov tashabbusi bilan Koreyaning toʻqimachilik va yengil sanoat sohalaridagi eng ilgʻor va reytingi baland oliy oʻquv yurtlari bilan TTESI oʻrtasida “2+2” oʻquv dasturini tashkil etish boʻyicha kelishib olindi. Yaʼni talabalar 1-, 2-kurslarni oʻz yurtida oʻqisa, 3-, 4-kurslardagi taʼlim xorijda olib boriladi.