Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo'mitasi o'rnida O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi huzuridagi Kadastr agentligining tashkil etilishi tizimdagi tub islohotlardan dalolatdir.
Agentlik tomonidan jurnalist va bloggerlar uchun tashkil etilgan media-turda kadastr sohasida olib borilayotgan yangiliklar, amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan axborotlar, kadastr xizmatlarini ko'rsatishdagi yangi texnologik echimlar bo'yicha atroflicha ma'lumotlar berildi. SHuningdek, tizim doirasida fuqarolardan kelib tushadigan murojaatlar, muammolar bo'yicha ochiq, konstruktiv muloqotlar bo'lib o'tdi.
Onlayn xizmatlar algoritmi takomillashmoqda (Toshkent shahri misolida)
Ishtirokchilar dastavval Toshkent shahar yer tuzish va ko'chmas mulk kadastri davlat korxonasida bo'lib, Davlat markazlaridan kelib tushadigan arizalarni ko'rib chiqish jarayoni va onlayn xizmatlar algoritmi borasidagi yangiliklar bilan batafsil tanishdilar.
Toshkent shahar yer tuzish va ko'chmas mulk kadastri korxonasi bosh muhandisi Nosir Latipovning qayd etishicha, sohaga doir muayyan xizmatlar to'liq onlayn shaklga o'tgan, galdagi vazifa esa fuqarolarda bunday xizmatlardan foydalanish ko'nikmalarini rivojlantirishdan iborat.
Xususan, ayni paytda poytaxtda 10 dan ortiq korxonalar bilan to'g'ridan-to'g'ri integratsiya ishlari amalga oshirildi. Masalan, o'tgan 9 oy davomida ko'chmas mulkni qayta rasmiylashtirish, qayta baholash va turli xil texnik ko'rsatkichlar bo'yicha Davlat soliq qo'mitasi bilan 154 mingdan ziyod o'zaro ma'lumot almashildi. Davlat xizmatlari agentligi bilan 325 mingta murojaat onlayn ko'rib chiqilib, ijrosi ta'minlandi. SHuningdek, Majburiy ijro byurosi bilan o'zaro ma'lumot almashish sud ijro harakatlari jarayonidagi ko'chmas mulk bilan bog'liq turli holatlarni aniqlashda tezkorlikni ta'minlayapti. Ayni xizmatning Ichki ishlar organlari bilan ham yo'lga qo'yilishi fuqarolarni doimiy ro'yxatga qo'yish ishlarini avtomotik tarzda amalga oshirishga xizmat qilyapti. Ayniqsa, notarial idoralar bilan integratsiya avvalgi uzoq sarsongarchiliklarga juda barham bermoqda. Bundan tashqari O'zbekenergo AJ, Toshissiqquvvat DUK bilan ham bugun o'zaro ma'lumot almashilyapti. Ko'chmas mulkni ro'yxatdan o'tkazganda ko'chirma berishning yangi tizimi — Davreestr tizimi ham korxona bilan integratsiya qiladigan korxonalar tarkibidan joy olgan.
O'zbekiston Milliy Atlasining ilk nusxasi tayyor
Qariyb 85 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Kartografiya ilmiy ishlab chiqarish davlat korxonasida ishtirokchilar O'zbekiston Milliy Atlasining ilk nusxasi va loyiha doirasidagi ish jarayoni bilan tanishdilar.
Milliy atlasni yaratish ishlari Vazirlar Mahkamsaining 2018 yil 15 martdagi 204-F farmoyishi bilan boshlangan edi. Ushbu jarayon 2020 yil yakuniga qadar yakunlanishi ko'zda tutilgan bo'lib, ayni paytda o'zida 424 ta xaritani jamlagan 2 tomlik mazkur atlasning 3 bo'limdan iborat, 205 ta xaritani o'z ichiga olgan 1-jildining ilk nusxasi nashrdan chiqdi.
— Milliy atlasiizni yaratish jarayoniga Kadastr Agentligi va korxonamizning 50 dan ziyod mutaxasislari, vazirlik va idoralardan qirqqa yaqin vakillar, shuningdek, Oliy ta'lim vazirligi hamda ilmiy maqomga ega bo'lgan boshqa tashkilotlardan ekspertlar jalb etilgan, — deydi korxona direktori Orifjon Ibrohimov. — Xususan, jarayonga Oliy ta'lim vazirligi bilan Fanlar akademiyasining etuk mutaxasislari yaqindan amaliy yordam ko'rsatmoqdalar.

Sohani raqamlashtirish kutilayotgan natijalarni kamida 5 yilga tezlashtiradi
Toshkent viloyatining Qibray tumanida tashkil etilgan media-turning asosiy qismida Toshkent viloyati kadastr boshqarmasi, Geoinnovatsiya DUK, Geoinfokom DUK, Kartografiya Davlat kadastrlari, geodeziya va kartografiya milliy markazi, "O'zdaverloyiha" DILI tashkilotlari mutaxassislari tomonidan olib borilgan taqdimotlar namoyish etildi. Taqdimotlar savol-javoblarga, bahs munozaraga boy shaklda o'tdi. Media-tur davomida OAV vakillari kadastr sohasiga oid muammolar, qiziqarli faktlar va ma'lum vaziyatlarni o'rganish, ularni tahlil qilish imkoniyatiga ega bo'ldilar. Qolaversa, fuqarolardan kelib tushgan shikoyatlarni ko'rib chiqish jarayoni, arxiv hujjatlarini raqamlashtirish va geobotanik tadqiqotlar jarayonlari bilan tanishdilar. eng muhimi, jurnalistlar sohani raqamlashtirish orqali kelajakda erishish mumkin bo'lgan natijalar kamida 5 yil oldin qo'lga kiritilishiga jonli tarzda guvoh bo'ldilar. Dronlarni boshqarishga bag'ishlangan taqdimot esa ishtirokchilarda alohida qiziqish uyg'otdi.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, mazkur media-tur Jahon Banki ko'magida amalga oshirilayotgan “Ko'chmas mulkni ro'yxatdan o'tkazish va kadastr tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi “Mening Uyim” jamoatchilikni xabardor qilish kampaniyasi doirasida o'tkazildi.
Munojat MO'MINOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri