Tumanlararo perinatal markazi ish boshladi

    Romitanda tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli, bir vaqtning o'zida 70 nafar tug'ruq yoshidagi ayollar uchun xizmat ko'rsatadigan tumanlararo perinatal markazi tantanali ochildi.

    Tadbirda Buxoro viloyat hokimligi sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Askar Bahronov, tuman hokimi Umidjon Barnoyov boshchiligida sektor rahbarlari, tuman hokimi oʻrinbosarlari, tibbiyot markazi vrach va hamshiralari, jamoatchilik vakillari hamda nuroniylar ishtirok etdi.

    Markazning ramziy lentasi qirqilib, mehmonlar tugʻruq kompleksida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. Perinatal markazni malakali kadrlar bilan taʼminlash maqsadida 1 nafar neonatolog vrach Rossiyaning Sank-Peterburg shahrida malaka oshirib qaytgan boʻlsa, 3 nafar reanimatolog, akusher-ginekolog va neonatolog mutaxassislar Xorazm viloyatida rossiyalik mutaxassislar tomonidan oʻqitildi.

    Romitan tuman tumanlararo perinatal markazi Romitan, Peshku va Buxoro tumanlaridan kelgan tibbiy xizmat olishga muhtoj homilador, tugʻish yoshidagi ayollar va chaqaloqlarga perinatal tibbiy xizmat koʻrsatadi.