Tunda daraxt qoʻporib tashlagan niqobli shaxslarning shaxsiga aniqlik kiritildi

    Hozirda huquqbuzarlarga tegishli protsessual chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Bir necha kun avval Yunusobod tumani, 8-mavzesi hududida 16-aprelga oʻtar kechasi bir guruh niqobli shaxslar tomonidan davlat raqami boʻlmagan ekskavator yordamida daraxt qoʻporib ketilgani haqida xabar bergan edik.

    Shundan soʻng mazkur safora daraxti tegishli soha mutaxassislari hamda tuman ekologiya boʻlimi masʼullari tomonidan agrotexnik qoidalarga asoslangan holda ishlov berilib, biologik oʻgʻitlar bilan toʻyintirilgan tuproq qoplamasi yotqizilgan holda oʻz oʻrniga qayta ekilgandi.

    Prokuratura organlari tomonidan mazkur xabar asosida tekshirish oʻtkazilayotgani maʼlum qilindi. Hozirda huquqbuzarlarning shaxsi toʻliq aniqlanib, tegishli protsessual chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    "Nazorat tadbiri davomida daraxtlarni nobud qilgan shaxslar va hududda qurilish ishlari amalga oshirishni rejalashtirgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar mansabdor shaxslarining xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi taʼminlanadi", deyiladi Bosh prokuratura xabarida.