Masalan, Mirzo Ulugʻbek, Yunusobod va Oqoltin tumanlari tibbiyot birlashmalari tarkibida boʻlgan shifoxona va poliklinikalarga qarashli laboratoriyalar autsorsing asosida xususiy sektorga berilgan.
Xususiy laboratoriya tahlillar uchun biomateriallarni oʻzi maxsus transport orqali yigʻib, ularning natijalarini elektron tizim orqali shifokorlarga taqdim qilmoqda.
Natijada, davlat tibbiyot muassasalarida bir oyda oʻrtacha 20 mingta tahlil oʻtkazilgan boʻlsa, xususiy laboratoriya tomonidan bu koʻrsatkich 30 mingtaga yetkazilgan.
Shularni inobatga olib Toshkent shahrining barcha tumanlari, Toshkent viloyatining 5 ta tumani, boshqa viloyatlarda bittadan tuman va shaharda 2022-yil davomida ushbu tajribalarni sinovdan oʻtkazish topshirigʻi berildi.
Davom etayotgan videoselektor yigʻilishida kelgusi yilda tumanlararo endokrinologiya boʻlinmalari 29 tadan 50 taga koʻpaytirilishi taʼkidlandi.
Viloyat ixtisoslashgan filiallarni 80 milliard soʻmlik zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash hisobiga xizmatlar soni 15 tadan 40 tagacha yetkaziladi.
Yigʻilishda Toshkentdagi 3 ta hamda Nukus, Andijon, Buxoro, Samarqand, Fargʻona, Urganch tibbiyot oliygohlarining endokrinologiya kafedralarini pastga tushirish zarurligi qayd etildi. Kelgusi yil 1-iyulga qadar birlamchi boʻgʻin uchun zarur boʻlgan 400 nafar mutaxassisni qayta tayyorlash vazifasi qoʻyildi.
Yangi koʻp tarmoqli endokrinologiya markazida 20 dan ziyod yuqori texnologik amaliyotlar yoʻlga qoʻyiladi. Bunda, gormonal va mineral buzilishlar (osteoporoz), endokrin ginekologiya, reproduktiv, onko-, neyro- va oftalmo-endokrinologiya, nefrologiya, kardio-diabet va intervension xirurgiya kabi yoʻnalishlar tashkil etiladi.
Rossiya va Yevropaning nufuzli tibbiyot tashkilotlarida har yili kamida 50 nafar shifokor malakasini oshirishni taʼminlashga topshiriq berildi.
Umuman, markaz oʻz yoʻnalishida ilmiy-innovatsion muassasaga aylantiriladi, doktoranturaga kvotalari 2 baravarga oshiriladi.