“Tuproq klinikasi” dehqonlar xizmatida

    Agrosektor 20 Iyun 2020 3332

    Yurtimizda ekinlar parvarishi qizg'in pallaga kirgan ayni kunlarda Davergeodezkadastr qo'mitasi tarkibidagi Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti olimlari innovatsion loyihani ishga tushirdi. Maxsus avtomobilda tashkil etilgan “Tuproq klinikasi” mobil` laboratoriyasi fermer xo'jaliklari, klasterlar va tomorqa er egalariga tezkor tuproq xizmatlarini ko'rsatish maqsadida hududlarga yo'l olmoqda.

    Avtomobil Germaniyaning “STEP Systems GmbH” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Lasa Agro Mobil” kompleksi bilan jihozlangan. Undan tuproq tekshiruvini tezkor va samarali o‘tkazilishini ta‘minlaydigan zamonaviy asbob-uskunalar — Lasa Agro DR 2800 spektrometri, PNT 3000 Combi va pH-metr PH 3000, lyuks-metr, kvantometr, SO2-metr T 535, O2-metr, vlagomer va termometr o‘rin olgan.

    Loyiha maqsadi ekinlarni vegetatsiya davrida ozuqa moddalari bilan ular talabiga mos ravishda ta‘minlashni tashkil etishdan iborat.

    — Har bir ekin turining vegetatsiyasi davrida tuproqdagi ozuqa moddalarining miqdori va nisbatiga talabi o‘zgarib boradi, — dedi Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti direktori, biologiya fanlari doktori Shuhrat Bobomurodov. — Bu o‘zgaruvchanlik dinamik xarakterga ega bo‘lib, u talabga mos ozuqa rejimi yaratilgandagina ekinlardan rejalashtirilgan hosilni olish imkonini beradi. Bu masalaning echimini topish uchun esa tuproq diagnostikasi usullaridan foydalaniladi. Odatda diagnostika statsionar laboratoriyalarda yoki dala sharoitida mobil laboratoriyalar yordamida amalga oshirilishi mumkin. Hozir statsionar laboratoriyalarning aksariyati Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida joylashgani bois, chekka hududlarda yashovchi fermerlarning ulardan foydalanishi uchun bir qancha vaqt va ortiqcha sarf-xarajat talab etiladi. Bunda dalaga ekspeditsiya uyushtirish, olingan tuproq namunalarini ­statsionar laboratoriyaga keltirish va tahlillar bajarilgandan so‘ng tavsiyalar tuzib, yana fermerga etkazib berish kerak bo‘ladi. Mazkur jarayonlarning bir muddat cho‘zilishi sababli ba‘zan berilgan amaliy tavsiyalar kechikkan, ya‘ni tuproqlarning tavsiya topshirilgan vaqtdagi holatiga asoslanmagani kuzatiladi. Natijada tavsiyalar samaradorligi pasayadi. Zamonaviy va tezkor mobil laboratoriya esa ana shu kamchilik­larni bartaraf etish, bu orqali dehqonlar mehnati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

    Haqiqatan, mobil laboratoriya bir qator afzalliklarga ega bo‘lib, u dalaga chiqish va statsionar laboratoriyaga qaytish, tavsiyalarni fermerga etkazib berish sarf-xarajatlarini keskin kamaytiradi, barcha kerakli tuproq tahlillari dalaning o‘zida bajarilishi va tegishli amaliy tavsiyalar dala tup­rog‘ining muayyan vaqtdagi holatiga asoslanishini ta‘minlaydi. Lo­yiha, shuningdek, mineral o‘g‘itlar va suvdan tejamkor foydalanish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining yuqori rentabelligi va iqtisodiy samaradorligini oshirishni ta‘minlaydi.

    Maxsus avtomobilga joylashtirilgan ixcham asbob-uskunalar yordamida ekin vegetatsiyasining turli bosqichlarida tuproqning meliorativ holati, ozuqa moddalari bilan ta‘minlanganligi va boshqa agrokimyoviy ko‘rsatkichlarini dalaning o‘zida aniqlash mumkin. Ayni paytda bajarilgan tuproq kimyoviy tahlillari asosida ekin vegetatsiyasining turli bosqichlarida mineral va organik o‘g‘itlarni samarali qo‘llash, sug‘orish muddati va me'yorlarini aniq belgilash bo‘yicha amaliy tavsiyalar beriladi.

    Mazkur mobil laboratoriyalarda ionometrik usullar bilan tuproqning harakatchan azot va kaliy, fotometrik usulda fosfor bilan ta‘minlanganlik darajalari, konduktometrik usulda sho‘rlanish darajasi, tuproq reaktsiyasi (rN), uning ishlov berish yoki ekish uchun fizik etilganligi (namligi, harorati, zichligini), shudgorlash chuqurligi (haydalgandan so‘ng), vegetatsiya davrida sug‘orish me'yori va muddatlarini baholash maqsadida uning namligi, shamol yo‘nalishi va tezligini aniqlash imkoniyati ham bor. Bunday tezkor tahlillar ekish, sug‘orish, tuproqqa ishlov berish muddatlarini to‘g‘ri aniqlash, mineral o‘g‘itlarni ekin talabiga ko‘ra tabaqalashtirib qo‘llash imkonini beradi.

    — Mobil laboratoriyalardan foydalanishning ikkinchi yo‘nalishi issiqxonalarda tezkor tahlillar va o‘lchovlarni o‘tkazib, ekinlar normal o‘sib rivojlanishi uchun maqbul sharoitlar yaratish hisoblanadi, — deydi Shuhrat Bobomurodov. — Issiqxonlardagi faoliyat, asosan, harorat va yorug‘lik etishmaydigan fasllarda kechgani bois, dala ishlaridan biroz farq qiladi. Shunga qaramay, mobil laboratoriya ularda ekinlarning ozuqa moddalar bilan ta‘minlanganligini aniqlash bilan bir vaqtda, yorug‘lik va harorat darajasi, havo tarkibidagi kislorod va karbonat angidrid miqdori, kvantometr yordamida radiatsiyaning fotosintetik faolligini baholash imkoniyatiga ega.

    Ayni vaqtda fermer xo‘jaliklari, klaster va tomorqa yer egalari tomonidan “Tuproq klinikasi” mobil laboratoriyasiga katta qiziqish bildirilmoqda. Ushbu innovatsion texnologiyaning ilk talabgorlari buxorolik fermerlar bo‘ldi. Viloyatga olib borilgan mobil laboratoriyada “Buxoro servis” agro­klasteriga tegishli sug‘oriladigan yerlarning holati o‘rganildi va mazkur jarayonda tegishli tuproq xaritalari tuzilib, zarur tavsiyalar berildi. endilikda bu yo‘nalishdagi ishlar boshqa hududlardagi fermer xo‘jaliklari, agroklasterlar va tomorqa yer egalari yerlarida ham o‘zaro shartnoma tuzish asosida faol davom ettirilishi rejalashtirilgan.

    Iroda TOShMATOVA