Qayd etilishicha, Toshkent shahar Turizm boshqarmasiga TIV Konsullik-huquqiy departamentining turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlariga 5-iyun kuni BAAga turist yubormaslik boʻyicha murojaati kelib tushgan.

Unda keltirilishicha, shu yilning 5-iyun kuni Abu-Dabi shahrida Oʻzbekiston va BAA futbol terma jamoalari oʻrtasida boʻlib oʻtadigan JCH-2026 saralash bosqichining navbatdagi oʻyiniga sport sohasiga ixtisoslashgan yirik blogerlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston terma jamoasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida fan-klub aʼzolari bilan birgalikda 5 ming nafar Oʻzbekiston fuqarosini tomoshabin sifatida BAAga olib kelish boʻyicha keng targʻibot ishlari amalga oshirilayotgani keltirilgan.

Maʼlum boʻlishicha, oʻyin boʻlib oʻtadigan “Al Vahda“ stadioni 12 ming tomoshabinga moʻljallangan boʻlib, mezbon davlat tomonidan Oʻzbekistonga faqat 960 nafar muxlis uchun joy ajratilgan. Bu stadion sigʻimining 8 foizini tashkil etadi.

Murojaatda muxlislarning oʻyingohga sigʻmaslik ehtimoli yuqori ekanligi, bu esa xavfsizlik bilan bogʻliq muammolarni keltirib chiqarishi, talablarning buzilishiga olib kelishi haqida maʼlumot berilgan.

Shu bois BAA aeroportlarida xavfsizlik idoralari tomonidan Oʻzbekiston fuqarolarining qaytarib yuborilishi asos sifatida taxmin qilinmoqda. Toshkent shahar Turizm boshqarmasi ushbu kunlari BAAga turpaketlar orqali turistlarni yubormaslik choralarini koʻrishni tavsiya etgan.