Turizm qoʻmitasiga qoʻshimcha vazifalar yuklatildi

    “Oʻzbekiston Respublikasida tibbiy va sogʻlomlashtirish turizmini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori (PQ-335-son, 23.09.2024-y.) qabul qilindi

    Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

    Qarorga koʻra, Xalqaro qoʻshma komissiyadan (Joint Commission International) akkreditatsiyadan oʻtgan dastlabki 30 ta xususiy tibbiyot muassasasining akkreditatsiyadan oʻtish xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.

    Turizm qoʻmitasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatildi:

    Oʻzbekistonning chegara bojxona postlari hududida xorijiy fuqarolar uchun respublikadagi tibbiyot, sogʻlomlashtirish muassasalari imkoniyatlari toʻgʻrisida targʻibot kampaniyalarini tashkil qilish;

    davlat tili va xorijiy tillarda tibbiyot hamda sogʻlomlashtirish muassasalarining yagona reyestrini shakllantirish va uni doimiy ravishda yangilab borish;

    toifali (yulduzli) mehmonxonalar tipidagi sanatoriylarni sertifikatlashtirilishini tashkil qilish;

    maxsus tibbiy va sogʻlomlashtirish turizmi yoʻnalishlari (marshrutlari)ni ishlab chiqish.

    2025-yil 1-martgacha quyidagilar ishga tushiriladi:

    tibbiyot muassasalari, sanatoriylar va tibbiy turizm yoʻnalishida xizmat koʻrsatuvchi turoperatorlarning xizmatlari sifati baholab borilishini nazarda tutuvchi reytingni shakllantirish uchun elektron platforma;

    davlat tili va xorijiy tillarda tibbiyot hamda sogʻlomlashtirish muassasalarining yagona reyestri.