Oʻzbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish instituti Rossiya Federatsiyasining Sochi davlat universiteti FDBOTM (Federal davlat byudjet oliy taʼlim muassasasi) bilan Hamkorlik memorandumini imzoladi.
Memorandum ikki ilmiy-taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish, turizm va mehmondoʻstlik sohasida qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish hamda akademik nashrlar almashuvi, ilmiy-taʼlim anjumanlari, pedagoglar va talabalar almashinuvi, akademik nashrlar bilan ishlashda yordamlashish, jumladan turizm va xizmat koʻrsatish sohasi uchun professional taʼlim oʻquv-uslubiy dasturlarini ishlab chiqishga turtki beradi.
Hozirgi kunda Rossiyaning ilgʻor taʼlim dasturlari va metodikalarini integratsiyalashtirish bilan bogʻliq seminar va konferensiyalar ishtirokchilarini aniqlash, 2021-yil oxirigacha bilim va tajriba almashish bilan bogʻliq turli tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga doir faol ishlar olib borilmoqda.
Taʼkidlash joizki, hujjat turizm va servis boʻyicha professional taʼlim kollej/texnikumlari oʻqituvchi va mutaxassislari, shuningdek Oʻzbekiston sayyohlik sanoati biznesi vakillari uchun Rossiya Federatsiyasining shu sohadagi yetakchi olim va ekspertlari ishtirokida qoʻshma onlayn seminar va treninglar oʻtkazilishini koʻzda tutadi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun: Sochi davlat universiteti (SDU) turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash boʻyicha Rossiya Federatsiyasining tayanch universiteti hisoblanadi. SDU 30 yillik faoliyati mobaynida asosiy oʻquv dasturlarida 36 000 nafardan ortiq yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlagan va ularning aksariyati turizm, dam olish kabi qator sohalarida yetakchi oʻrinlarni egallaydi. Universitetda 5ta fakultet (turizm va xizmat koʻrsatish, iqtisodiyot va boshqaruv jarayonlari, atrof-muhit muhandisligi, ijtimoiy-pedagogik, yuridik) hamda iqtisodiy va texnologik kollejlari mavjud.
2018-yildan boshlab Fransiyaning “VATEL” mehmondoʻstlik instituti (mehmonxonalar va restoran biznesi boʻyicha dunyoda yetakchi, “Mehmonxonalar biznesining eng yaxshi maktabi” jahon mehmondoʻstlik mukofoti sovrindori) bilan birgalikda ikki tomonlama diplom dasturi amalga oshirilib kelyapti.