Taʼkidlash joizki, turizm sohasidagi startap-loyihalar va innovatsion biznes gʻoyalarni, shu jumladan, birinchi navbatda sayyohlar uchun qulayliklar yaratishga yoʻnaltirilgan axborot dasturlari va xizmatlarini umumiy 1,5 milliard soʻm miqdorida qisman subsidiyalash belgilangan.
Tanlov maxsus komissiyasi xulosasiga muvofiq, “Tourism. The path to innovation” tanlovga taqdim etilgan startap-loyihalar orasidan 7 loyiha qoʻllab-quvvatlash maqsadida saralab olindi.
“Travelcars.Online” — 150,0 million soʻm;
“Yulda.uz” — 100,0 million soʻm;
“Uzbekistan For Kids” — 50,0 million soʻm;
“Oʻzbek milliy taomlari tayyorlanishi” — 40,0 million soʻm;
“Guide Me” — 150,0 million soʻm;
“Travel-job.uz” — 80,0 million soʻm;
“Cooking Studio Said Mahalla” — 130,0 million soʻm.
Tanlov komissiyasi Ishchi organi tomonidan tanlov talablari va loyihaning turizm sohasiga taalluqli ekanligi inobatga olingan holda, 101 loyiha saralab olingan hamda 2021-yilning yanvar oyida 18 loyiha tanlovning yakuniy bosqichida ishtirok etgan.
Gʻolib deb topilgan startap-loyihalarni qisman moliyalashtirish uchun 700,0 million soʻm miqdorida mablagʻ ajratildi va Qoʻmita hamda Vazirlik tomonidan startap-loyiha tashabbuskorlarini taqdirlash ishlari tashkil etildi.
Bundan tashqari, startap-loyihalar tashabbuskorlari uchun “Tourism. The path to innovation” tanlovi doirasida yangidan tanlov eʼlon qilinishi va Nizomda belgilangan talablar asosida 800,0 million soʻm mablagʻ miqdorida loyihalar moliyalashtirilishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.