Turizm sohasining muhim boʻgʻinini rivojlantirishda Eron yaqin hamkor

    Turizm 8 Oktabr 2020 697

    Oʻzbekistonning tarixiy obyektlari restavratsiyasiga Eron mutaxassislari jalb etiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov Eron Islom Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Hamid Nayerobodiy bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Uchrashuv doirasida muhokamaga qoʻyilgan muhim masalalardan biri Oʻzbekistondagi tarixiy-madaniy meros obyektlarini saqlash hamda ularni restavratsiya qilish boʻyicha hamkorlikdagi loyihalar realizatsiyasi, shu yoʻnalishda tajriba almashish va mutaxassislarni tayyorlash boʻldi. Bundan tashqari, uchrashuv davomida nomoddiy madaniy meros obyektlarini targʻib qilish va ularni YUNESKO roʻyxatiga kiritish masalalarini ishlab chiqishga toʻxtalib oʻtildi, bunda Oʻzbekiston va Eron xalqlari tarixi, madaniyati, anʼanalari va urf-odatlari hamda oshxonasi mushtarakligi alohida qayd etildi.

    Uchrashuv yakuniga koʻra, tomonlar Oʻzbekiston hamda Eron Islom Respublikasi oʻrtasida madaniyat va sanʼat sohasida hamkorlik qilishga doir Hukumatlararo kelishuv va 2020-2023-yillarda turizm sohasida hamkorlik qilish boʻyicha Hukumatlararo dasturni imzolashga tayyorgarlik jarayonlarining tezlashtirishga oid kelishuvga erishishdi. Shuningdek, tomonlar restavratsiya ishlari tafsilotlarini belgilash hamda “yoʻl xaritasi”ni tuzish uchun eronlik ekspertlar delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil qilishga kelishib olishdi.

    Bundan tashqari, tibbiyot turizmini rivojlantirish maqsadida Eron tomonidan Samarqand viloyatida zamonaviy Salomatlik markazini yaratish rejalashtirilgan, bunda Eron mutaxassislari va texnologiyalari jalb etilishi kutilyapti. Mazkur salomatlik markazida murakkab tibbiy jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish imkoni yaratiladi.

    Maʼlumot uchun: 2019-yil maʼlumotlariga koʻra, Eron aholisi 83 million kishini tashkil qiladi, shulardan 6 milliondan ortigʻi Turkiya, Ozarbayjon, Gruziya, Iroq va BAA kabi xorijiy davlatlarga sayohatlarni amalga oshirgan, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.