Turizm va madaniy meros vaziri barchani Xalqaro muzeylar kuni bilan tabrikladi

    Bosh vazir oʻrinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov 18-may — Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan soha vakillari va muzey xodimlarini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali tabrikladi.

    "Muzeylar ajdodlardan meros boʻlgan boylikni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy xazinadir. Yillar davomida boyib, toʻlib boraveradigan bu xazina faqatgina madaniy qadriyatlar namoyishigina boʻlib qolmay, uzoq tarix sahifalaridan soʻzlovchi bebaho kitob hamdir.

    Qayd yetish joizki, yurtimiz muzeylari 130-yillik tarixga ega. Undagi eksponatlar esa ming yilliklarni qamrab oladi.

    Shu oʻrinda bugungi kunda mamlakatimiz madaniy merosiga boʻlgan eʼtibor yangi bosqichga koʻtarilganini alohida eʼtirof etish lozim. Muzeylar faoliyatiga davlat darajasida eʼtibor qaratilishi xalqimizning oʻtmishi, tarixi va madaniy merosiga boʻlgan hurmat va ehtiromini yanada oshirishga, moddiy va maʼnaviy boyliklarimizni koʻz qorachigʻidek asrashga daʼvat etuvchi yangi ijodiy imkoniyatlar eshiklarini ochib berishga sabab boʻladi.

    Fursatdan foydalanib, Xalqaro muzeylar kunida yurtdoshlarimizni muzeylarga sayohat qilishga chorlab qolaman! Xalqimiz madaniy merosiga oid bilimlaringizni boyitish imkonini qoʻldan boy bermang!" deyiladi tabrikda.