Turizm va sport uygʻunlikda rivojlanadi

    Soʻnggi yillarda respublikamizda jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirishga ham katta eʼtibor berilmoqda. Aholi salomatligini mustahkamlash, yosh avlodning sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishini taʼminlash davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Prezidentimizning “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash yuzasidan samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

    Yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, qolaversa, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning ikkinchi yoʻnalishi ijrosini taʼminlash maqsadida tizimli ravishda sport tadbirlari va musobaqalar oʻtkazib kelinyapti. Mamlakatni dunyoga tez tanitadigan soha, bu — sport. Sport millat va irq tanlamaydi, u barchani oʻz atrofida birlashtirishga qodir vosita, deyish mumkin. Sport tufayli koʻp mamlakatlarga boramiz, musobaqalardan soʻng boshqalarga oʻz yurtimiz, xalqimizning urf-odatlari, anʼanalari, qolaversa, tarixi necha asrlarga borib taqaladigan qadimiy obidalarimiz haqida soʻzlab beramiz. Tabiiyki, shu suhbatlar jarayonida chet ellik hamkasblarimizda Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqish ortadi. Bir soʻz bilan aytganda, sport orqali turizm, turizm vositasida sport rivojlanadi.

    Kuni kecha davlatimiz rahbarining “Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi. Farmon oʻz ichiga turizm, sport va madaniy meros sohalarida zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ilgʻor xorijiy tajribaga tayanib ushbu yoʻnalishlarda infratuzilmani jadal rivojlantirish, obyektlardan samarali foydalanish, aholiga yetarli shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.

    Bundan tashqari, mamlakatimizda turizm, sport sohalarini yana-da rivojlantirish, aholini jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, infratuzilmani yaxshilash, turizm salohiyati yuqori boʻlgan hududlarning oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash orqali turistlar sayohati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, madaniy merosni muhofaza qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilandi. Shuningdek, «Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Prezident farmoniga muvofiq Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi negizida Turizm va sport vazirligi tashkil topdi. Bu rivojlangan xorijiy mamlakatlarning tajribasini chuqur oʻrganib, tahlillar asosida chiqarilgan qarordir.

    Koʻplab xorij davlatlarida Turizm, madaniyat va sport, Turizm, yoshlar va sport kabi vazirliklar samarali faoliyat olib bormoqda. Ushbu ikki sohani birlashtirish orqali qator ijobiy oʻzgarishlar boʻlishi kutilmoqda. Jumladan, turizm obyektlarini samarali boshqarish hamda mazkur sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, mamlakatning turizm salohiyatini tubdan oshirishga, turizm xizmatlarining tashqi va ichki bozorlarida marketing tadqiqotlari olib borishga, tarixiy-madaniy merosni keng targʻib qilishga, mamlakatimizning turizm qiyofasini saqlab qolish va rivojlantirishga, milliy turizm mahsulotlari, brendlarining xalqaro turizm bozorlariga kirib borishiga yoʻnaltirilgan faol reklama-axborot siyosatini amalga oshiradi.

    Jismoniy tarbiya va sport sohasida mavjud sport obyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqarish, aholining keng qatlamlarini sport bilan shugʻullanishga, sogʻlom turmush tarzini yuritishga jalb etish, jismonan sogʻlom oʻsib kelayotgan avlodni tarbiyalash, sport industriyasi, infratuzilmasini rivojlantirish, oliy sport mahorati sohasida mamlakatimizning xalqaro sport maydonida munosib ishtirokini taʼminlashga qaratilgan yagona siyosatni amalga oshirish belgilangan. Qolaversa, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari hamda klublari, sport federatsiyalari faoliyatini muvofiqlashtirib, respublika maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus hamda oliy taʼlim muassasalari jismoniy tarbiya oʻqituvchilari, instruktor, trenerlar faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlikni amalga oshirish ham belgilangan. Yana mahalliy davlat hokimiyati, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jismoniy tarbiya, sport jamiyatlari, taʼlim muassasalari, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda aholi, ayniqsa, bolalar, yoshlar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishni ommalashtirish, ommaviy sport turlariga keng jalb qilish borasida keng koʻlamli ishlarni tashkillashtirish koʻzda tutilgan.

    Shu bilan birga, Olimpiya, Paralimpiya va Osiyo oʻyinlari, jahon, Osiyo chempionatlari va boshqa xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlash uchun istiqbolli sportchilarni saralash, tayyorlash va mahoratini oshirish, ular orasidan mamlakat terma jamoalari uchun sifatli sport zaxirasi va tarkibini shakllantirishning samarali tizimini yaratish Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, sport federatsiyalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Farmonda respublikadagi barcha vazirlik va idoralar (jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar) uchun sport normativlarini ishlab chiqish, qabul qilish boʻyicha yagona siyosatni olib borgan holda, mamlakatimizda ommaviy, professional sportni, shu jumladan, sport oʻyinlari, ekstremal va qishki sport turlarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish, qoʻllab-quvvatlash, ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda sport tayyorgarligi jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, barcha sport turlari boʻyicha milliy chempionatlar darajasi, sifatini oshirish, xalqaro, mintaqaviy musobaqalar tashkil etish, nosogʻlom sport raqobatiga va taqiqlangan preparatlar ishlatilishiga qarshi tizimli choralar koʻrish ham alohida belgilab berilgan. Ommaviy va professional sport yoʻnalishlari boʻyicha moddiy-texnik bazani rivojlantirish, ulardan samarali foydalanishni taʼminlash, sport asbob-uskunalari, inventarlarining mamlakatimizda ishlab chiqarilishini tashkil etish va kengaytirish boʻyicha takliflar tayyorlashda ham bevosita ishtirok etamiz.

    Bundan tashqari, jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirishni tashkil etish, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish hamda sport tashkilotlarini, taʼlim va sport-taʼlim muassasalarini yuqori malakali trenerlar, sport mutaxassislari bilan taʼminlash choralari koʻriladi. Xalqaro sport tashkilotlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, jismoniy tarbiya, sport sohasida xalqaro va davlatlararo aloqalarni kengaytirish hamda mustahkamlash, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish borasida ishlar tashkil qilinadi va ommabop sport dasturlari ishlab chiqiladi.

    Turizm va sport vazirligining tashkil etilishi har ikki soha rivoji uchun ham foydali hisoblanadi. Mamlakatimizda oʻtkaziladigan Xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etish uchun kelgan sportchilar bellashuvlarda ishtirok etish bilan birga, jannatmonand oʻlkamizning diqqatga sazovor joylari hamda qadimiy obidalari bilan tanishish orqali turizm sohasini rivojlanishiga hissa qoʻshadi.

    Ravshan ERMATOV,

    Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari