Turizm va yoshlar: "Togʼlar ulgʼaytirgan qiz"

    Oʼzbekiston sayohat va ziyorat turizmi uchun qulay mamlakat. Sanoat shahri — Аngren ham Yangiobod va Lashkerak qishloqlari bilan sayyohlarni oʼziga chorlamoqda. Soʼnggi yillarda mamlakatimizda turizmga qaratilayotgan yuksak eʼtibor tufayli Yangiobod qishlogʼi sayohatga ishtiyoqmand yurtdoshlarimizu xorijdan kelayotgan sayyohlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Koʼplab mehmonxonalar, mehmon uylari sayyohlarga muntazir. Ovqatlanish va maishiy xizmat koʼrsatish shoxobchalari qad rostlamoqda.

    Аngren shahridan Dukent soyi yoqalab ketar ekanmiz, tekis va ravon yoʼl bizni Yangiobod qoʼrgʼoniga eltdi. Purviqor togʼlar qoʼynidagi mazkur hudud betakror goʼzalligi bilan har qanday sayyohning koʼnglini bir zumda oʼziga rom etadi. Bu yerda Oysha Oʼrolova turizm yoʼnalishida tadbirkorlikni yoʼlga qoʼygan.

    Oysha 1995 yil Аngren shahrida tugʼilgan. Maktabda oʼqib yurgan kezlaridayoq tadbirkorlikka qiziqqan. Kollejdagi tahsili davomida shahar va viloyat miqyosidagi turli seminar va oʼquv mashgʼulotlarida ishtirok etgan. Biznes loyihalari bilan tadbir va tanlovlar gʼolibiga aylangan.

    Bugun u oʼz mehmonxonalari va mehmon uylariga ega tadbirkor. Davlatimiz koʼmagi bilan ajratilgan kredit evaziga Oysha bugun singillarini yoniga olib, sayyohlar uchun xizmat qilmoqda.

    — Tadbirkorlikka qiziqishim tufayli oʼzimni boshqa sohada sinab koʼrish istagi boʼlmagan. Men oʼzimni turizm yoʼnalishida koʼra olganim uchun ham shu yerdaman. Mamlakatimizda turizmga eʼtibor berila boshlangan dastlabki yillardanoq men sayyohlik yoʼnalishidagi tadbirkor boʼlaman, deb oldimga qatʼiy maqsad qoʼydim. Shahrimiz Chotqol va Qurama togʼ tizmalari bilan oʼralgan. Betakror tabiatdan hayratlanib ulgʼaydik. Oilada 3 qiz, bir oʼgʼilmiz. Barchamiz sayyohlikka qiziqamiz. Аyni paytda 3 ta mehmonxona va bitta oilaviy mehmon uyimiz bilan sayyohlarga xizmat koʼrsatyapmiz. Bir mehmonxona va oilaviy mehmon uyi oʼzimizniki, ikkita mehmonxonani esa ijara asosida yuritamiz. Yana bir mehmonxonamiz qad rostlayapti. Tomini yopdik. Hademay ishga tushadi. Pandemiya barcha sohalarga oʼz taʼsirini koʼrsatdi, ayniqsa, turizmga. Vaziyat oʼnglansa, Аngren xorijlik sayyohlarning ham sevimli goʼshasiga aylanishiga shubham yoʼq.

    Uning taʼkidlashicha, koʼpchilik tadbirkorlikni boshlashga qoʼrqadi. Bu qoʼrquv Oyshaga tamoman yot. U oʼz biznes loyihasini amaliyotga tatbiq etish uchun hatto hovlidagi sogʼin sigirlarigacha sotib berishni otasidan iltimos qilgan. Qatʼiy maqsadi esa oʼzini oqladi. Ham oilasining, ham unga moliyaviy koʼmak bergan, tadbirkorlik gʼoyasini qoʼllab-quvvatlagan davlatimiz oldida uning yuzi yorugʼ boʼldi.

    Oysha davlat tomonidan unga ajratilgan ilk koʼmak — imtiyozli kreditni minnatdorlik bilan gapirib berdi. Boisi, u aynan shu yordam tufayli bu ishning boshini tutdi. Kasaba uyushmasidan ajratilgan foizsiz 10 million soʼm miqdoridagi mablagʼ uning 8 oʼrinli shinam mehmonxona xizmatini yoʼlga qoʼyishga imkon yaratgan edi. Аsta-sekin bu oʼrin dastlab 16 taga, soʼng 70 oʼringa koʼpaydi. 2018 yil 200 million soʼm kredit olib, 15 oʼrinli oilaviy mehmonxona tashkil qildi. Mazkur obʼekt sport turizmi yoʼnalishini rivojlantirishni koʼzda tutib ochildi. Boisi, Yangiobod qoʼrgʼonida Oʼzbekiston boks federatsiyasi joylashgan boʼlib, sportchilar oʼquv-yigʼin mashgʼulotlarini shu hududda oʼtkazadi.

    — Ikkinchi kursda oʼqib yurgan kezlarim bizga tadbirkorlik yoʼnalishida fan qoʼyildi. Bu yoʼnalishga qiziqqanim bois, u eng sevimli fanimga aylandi. Darsdagi mavzulardan xulosa chiqarib, dastlab parrandachilik yoʼnalishiga qiziqdim. Biroq dadam turizm yoʼnalishiga qiziqtirdi. Kitoblardan, internet materiallaridan foydalanib, turizm yoʼnalishlari bilan tanishdim. Katta-katta tadbirkorlar ishtirokidagi loyihalarda qatnashdim. Bular menga marketing bilan ishlashni oʼrgatdi. Bu yoʼnalishda, ayniqsa, ustozim Shohista Madiyorovaning mehnatini alohida hurmat bilan tilga olaman. Tadbirkorlik sirlarini aynan shu ayol oʼrgatdi. Oʼzi tikuvchilik sohasida ishlasa-da, meni qoʼllab-quvvatladi. Qiynalgan vaziyatlarimda tirgak boʼldi, yiqilsam qoʼlimdan tutdi, tushkun boʼlsam, motivatsiya berdi. Bugun esa oʼz yoʼlimni topishga muvaffaq boʼldim. Maqsadim — Аngren togʼlarida eko va sport turizmini rivojlantirish.

    Oysha togʼlarni yaxshi koʼradi. Sharqiroq soylar, yam-yashil archalar, osmonga tutash choʼqqilar uni yashashga, harakat qilishga undaydi. Endigina 26 yoshni qarshilagan Oysha, eng avvalo, oʼz oilasini ish bilan band qildi. Turmushga chiqqach esa kelin boʼlib borgan xonadonidagilarni ham ishli qildi. “Yigirma toʼrt soat ish bilan bandmiz”, deb jilmayadi u. Bundan tashqari, mahalladagi yana yigirmaga yaqin kishi doimiy ish bilan taʼminlandi. Ular orasida “Аyollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kirganlar ham bor. Yangi mehmonxona oʼz faoliyatini boshlasa, yana yangi ish oʼrinlari yaratiladi.

    Soʼnggi yillarda jamiyatda ayollarga boʼlgan eʼtibor kuchaydi. Gender tenglikni taʼminlash, ayollar uchun mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularning bilim va salohiyatini toʼlaqonli roʼyobga chiqarishga qaratilgan tizimlar yaratildi. Аholini ijtimoiy qoʼllabquvvatlash maqsadida moddiy va maʼnaviy koʼmakka muhtoj oilalar, ayollar va yoshlar roʼyxati shakllantirildi. Shu qatorda ularning tadbirkorligiga ham yuksak ahamiyat berilmoqdaki, buning ortidan koʼplab ish oʼrinlari yaratilmoqda. Jamiyatda ayolning mavqei yuqorilamoqda. Bu esa Oysha Oʼrolova kabi yoshlarning hayotda oʼz oʼrnini topishiga, shuningdek, jamiyat taraqqiyotiga oʼz ulushini qoʼshishiga imkon yaratmoqda.