Turizm yoʻnalishidagi 50 nafar yosh tadqiqotchi dunyoning eng ilgʻor OTMlarida taʼlim oladi

    Ta'lim 19 Yanvar 2022 1094

    “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yanada takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

    Davlat rahbarining shu yoʻnalishda qabul qilgan qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan Turizm va sport vazirligi masʼul xodimlari, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi vakillari ishtirokida “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti magistrlari, doktorantlari va oʻqituvchilari uchun onlayn shaklda amaliy seminar tashkil etildi. Bundan asosiy maqsad mamlakatimiz turizm taʼlimi tizimidagi yosh izlanuvchilar uchun keng imkoniyatlar yaratib berishdir.

    Maʼlumot uchun, joriy yilda 2022-yilga moʻljallangan stipendiyalar tanloviga buyurtmalar portfelini shakllantirish maqsadida respublikadagi 140 dan ortiq vazirlik, idora va tashkilotlarning Jamgʻarmaning xorijda taʼlim olish dasturlariga boʻlgan real ehtiyoji oʻrganib chiqilgan.

    Taʼlim dasturlari kesimida jami 2 068 oʻringa, jumladan bakalavriatga 253 oʻrin, magistraturaga 1 259 oʻrin va doktoranturaga 556 oʻringa ehtiyoj mavjudligi qayd etilgan.

    Mazkur kvotalar Jamgʻarma dasturlari kesimida quyidagi koʻrinishda eʼlon qilinyapti, jumladan bakalavriatga 120 oʻrin, magistraturaga 180 oʻrin va doktoranturaga 120 oʻrin ajratilgan.

    “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan 2022-yil uchun xalqaro tan olingan reyting agentliklari tomonidan oʻrganilgan dunyodagi nufuzli taʼlim, ilmiy va boshqa muassasalar, ishlab chiqarish, innovatsion kompaniyalar va boshqa tashkilotlarning roʻyxati Jamgʻarma rasmiy veb-saytida eʼlon qilingan.

    Jumladan, turizm taʼlimi tizimidagi 50 nafar yosh tadqiqotchilarni dunyoning eng ilgʻor OTMlaridagi magistratura va doktorantura dasturlarida taʼlim olish uchun “El-yurt umidi” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2022-2023-yillarda joʻnatilishi lozimligi belgilangan.

    Seminar davomida ishtirokchilarga jamgʻarmaning 2022-yil uchun eʼlon qilingan tanlov shartlari, asosiy tushunchalar va imkoniyatlar haqida maʼlumot berildi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.