O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmada mamlakatimiz muzeylarida saqlanayotgan noyob va nodir san’at asarlarining o‘ziga xos ekspozisiyasi jamlandi. Eksponatlar I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat san’at muzeyi hamda O‘zbekiston davlat san’at muzeyidan keltirildi. 

Ma’lumot uchun: I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat san’at muzeyi (Nukus) Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik badiiy to‘plam bo‘lib, unda Orolbo‘yi arxeologiyasi bo‘yicha materiallar, Qoraqalpog‘iston xalqlarining dekorativ — amaliy san’ati asarlari, shuningdek, Rossiya va O‘zbekistonning 20-asrdagi tasviriy va grafik ishlari to‘plangan.  Muzey tarixi uning asoschisi Igor Vitaliyevich Saviskiyning nomi bilan bog‘liq, u 1950 - yillarning boshida taqdirning irodasi bilan Qoraqalpog‘istonda bo‘lgan, bu ajoyib hududga muhabbat qo‘ygan va keyingi taqdirini u bilan bog‘lagan rassom.

Do‘stlari yordamida va mahalliy hokimiyat qo‘llab-quvvatlashi tufayli 1966 yilda Nukusda san’at muzeyi ochilishiga erishdi. Ushbu muzeyning birinchi direktori bo‘lganidan so‘ng, I.V.Saviskiy 20-asr tasviriy san’at to‘plamini tan olinmagan rassomlarning asarlaridan shakllantirdi, keyinchalik bu asarlar rus va Turkiston avangardining mumtoz asarlari deb tan olindi. 

“Turkiston avangardi: makon va vaqt oralig‘ida” ko‘rgazmasida 14 nafar rassomning 86 ta tasviriy san’at asarlari o‘rin olgan, ular orasida Turkiston avangardining ilk vakillari: A.N.Volkov, N.G.Karaxon, U.T.Tansikbayev, N.V.Kashina, A.F.Podkovirov, O.Tatevosyan va boshqalar bor.

Ko‘rgazma muzey asoschisi I. V. Saviskiyning asarlari, shuningdek, o‘z ijodida Orol dengizi va Amudaryoni madh etgan F.Madgazin va R.Matevosyanning asarlari bilan to‘ldirildi.

Shuningdek, ko‘rgazmada O‘rta Osiyoda ilk bor tashkil etilgan badiiy muzey — O‘zbekiston davlat san’at muzeyi kolleksiyalari ham namoyish etilmoqda. Ekspozisiyaga Usto Mo‘min, N.Karaxan, O.Tatevosyan, A.Volkof va boshqa ijodkorlarning  o‘zbek xalqining qadimiy va boy san’ati haqida ma’lumot beruvchi 17 ta san’at asarlari keltirilgan.