Turkistondan kelgan ilk samolyot Toshkentga qoʼndi

    Oʼzbekiston Respublikasi va Qozogʼiston Respublikasi Аviatsiya maʼmuriyatlarining joriy yil may oyidagi kelishuviga muvofiq ikki davlat oʼrtasida yangi muntazam aviaqatnovlar tashkil etilgan edi.

    Jumladan, Samarqand va Olmaota, Turkiston va Toshkent shaharlari oʼrtasida muntazam aviaqatnovlar yoʼlga qoʼyildi.

    Bugun mahalliy vaqt bilan 12:55da 180 nafar yoʼlovchidan iborat ilk samolyot Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qoʼndi.

    – Bizning bir oyogʼimiz Oʼzbekistonda, biri Qozogʼistonda, – deydi qozogʼistonlik Dilnoza Ibragimova. – Boisi bu yerda qarindosh-urugʼ, doʼstu qadrdonlarimiz bor. Yilda uch-toʼrt bora Toshkent shahriga kelib, ularni ziyorat qilib ketamiz. Shu bahona poytaxtdagi katta oʼzgarishlarni koʼrib, yangilanamiz. Fazandlarimiz yosh boʼlgani uchun, sovuq bor, issiq bor – mashinada kelib-ketishga qiynalardik. Endi esa ogʼirimiz yengil boʼldi.

    Mazkur yoʼnalishdagi parvoz haftada ikki marta – dushanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi.