Turkiy davlatlar tashkiloti oqsoqollari Qirgʻiziston Prezidenti bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 9 Avgust 2022 1752

    Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar Kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtyapti.

    Yigʻilish doirasida Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ishtirokchilar bilan uchrashdi.

    Unda Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar Kengashining Oʻzbekistondagi aʼzosi, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev ham ishtirok etdi.

    Sadir Japarov yoshi ulugʻlar jamiyat va davlat hayotida muhim oʻrin tutayotganini taʼkidlab, globallashuv davrida tashkil etilgan Oqsoqollar Kengashi dunyodagi eng kuchli uyushmalardan biriga aylanishiga ishonch bildirdi.

    Qirgʻiziston rahbari Oʻzbekiston oqsoqoli bilan suhbat davomida Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida koʻrganlari dunyoqarashini tamoman oʻzgartirib yuborganini, ochiq boshqaruvda Shavkat Mirziyoyevdan koʻp narsa oʻrganganini taʼkidlagan.

    Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida barcha masalalar hal boʻlgani haqida fikr bildirildi.

    Sadir Japarov joriy yil Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammitida albatta ishtirok etishi va ushbu Sammit yuqori darajada oʻtkazilishiga ishonch bildirdi.

    Oqsoqollar Kengashining yigʻilishi davom etadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.