Turkiy davlatlar tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari va ombudsmanlari assotsiatsiyasi taʼsis etildi

    Xalqaro hamkorlik 13 May 2022 1330

    Joriy yilda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi va strategik sheriklik munosabatlari yoʻlga qoʻyilganining 5 yilligi nishonlanmoqda. Oʻtgan yili Anqara va Istanbulda Oʻzbekiston madaniyati kunlari oʻtkazilgan edi. Bu yil Toshkent va Samarqand shaharlarida Turkiya madaniyati kunlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2022-yilda Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadi.

    Endilikda ana shu hamkorlik samaralari shodasi yana bitta gavhar bilan boyidi: 12-may kuni Turkiyaning Bursa shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari va ombudsmanlari assotsiatsiyasi taʼsis etildi.

    Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

    Shundan soʻng Turkiy davlatlar tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari va ombudsmanlari assotsiatsiyasi Memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

    Yangi Assotsiatsiya dunyoda noyob hisoblanadi. Chunki u ham inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarni, ham ombudsmanlarni oʻzida birlashtirmoqda. Yanada muhimi, ushbu tuzilma Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlarda boʻlib turgan fuqarolar huquqlarini taʼminlash sohasidagi masalalarni samarali hal etishga koʻmaklashadi.

    Assotsiatsiya inson huquqlari sohasida hamkorlikning keng qirrali jihatlarini qamrab olmoqda. Jumladan:

    • inson huquqlarini himoya qilish va targʻib qilish yoʻnalishidagi faoliyat hamkorlikda qoʻllab-quvvatlanadi;
    • inson huquqlarini himoya qilish sohasida tajriba almashish, oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish yoʻnalishidagi loyihalar amalga oshiriladi;
    • inson huquqlarini himoya qilish sohasida qoʻshma oʻquvlar va seminarlar, ilmiy tadqiqotlar uchun samarali platforma vujudga keladi;
    • inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish sohasida xalqaro va mintaqaviy mexanizmlarda hamkorlik qilish uchun imkoniyatlar kengayadi.

    Maʼlumot uchun: Turkiy tilli davlatlarning inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari oʻrtasida yaqin hamkorlikni rivojlantirish bugungi kunda dolzarb masaladir. Ayni mavzu 2018-yilda qadimiy Samarqand zaminida ilk bor oʻtkazilgan Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi doirasida ham keng muhokama qilinganini taʼkidlash lozim.

    2019-yil 18-19-noyabr kunlari Istanbulda boʻlib oʻtgan Ombudsmanlarning 2-xalqaro konferensiyasida va keyingi ikki yil davomidagi onlayn uchrashuvlarda Turkiya, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Qozogʻiston va Oʻzbekistonning inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari tomonidan Turkiy davlatlar tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari va ombudsmanlari assotsiatsiyasini tuzish imkoniyatlari muhokama qilingan.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi turkiy tilli davlatlar oʻrtasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanayotgan hozirgi sharoitda tashkil etilgan ushbu Assotsiatsiya inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar uchun qulay hamkorlik maydoniga aylanadi, deb hisoblaydi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
    Milliy markazining matbuot xizmati

    .