Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bugun — 31 mart kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining (Turkiy kengash) videoanjuman shaklida o'tadigan norasmiy sammitida ishtirok etadi. Ushbu muhim anjuman arafasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo'mitasi raisining o'rinbosari, siyosiy fanlar doktori Qodir JO'RAYEV Turkiy kengash faoliyati va norasmiy sammit kun tartibi haqida so'zlab berdi:

— Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash) davlatlararo tashkilot bo'lib, asosiy maqsadi turkiyzabon mamlakatlar o'rtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, xususan, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy, energetika, turizm, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish, keng mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirishdan iborat.

Turkiy kengash 2009 yil 3 oktyabrda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida tashkil etilgan bo'lib, “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to'g'risidagi Naxichevan bitimi” qabul qilindi. Naxichevan bitimining muqaddimasida a'zo davlatlarning BMT Ustavida belgilangan maqsad va tamoyillarga rioya qilishlari mustahkamlab qo'yilgan.

Mazkur hujjatda Turkiy kengashning asosiy maqsadi turkiy tilli davlatlar o'rtasida har tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, mintaqada va dunyoda tinchlik va barqarorlikka hissa qo'shish ekanligi, a'zo davlatlarning demokratik qadriyatlar, inson huquqlari, qonun ustuvorligi va samarali boshqaruv tamoyillariga sodiqligi alohida qayd etilgan.

Naxichevan Bitimida Tashkilotning asosiy maqsad va vazifalari sifatida quyidagilar belgilab qo'yilgan:

— tomonlar o'rtasida o'zaro ishonch va do'stlikni mustahkamlash;

— tashqi siyosiy masalalar bo'yicha umumiy pozitsiyani ishlab chiqish;

— xalqaro terrorizm, separatizm, ekstremizm va transchegaraviy jinoyatlar bilan kurashish bo'yicha harakatlarni muvofiqlashtirish;

— umumiy manfaatdor bo'lgan barcha sohalarda samarali mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish;

— savdo va sarmoyalar uchun qulay sharoitlar yaratish;

— har tomonlama va muvozanatli iqtisodiy o'sishni, ijtimoiy va madaniy rivojlanishni ta'minlash;

— fan, texnika, ta'lim, sog'liqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalarida o'zaro aloqalarni kengaytirish;

— ommaviy axborot vositalari va boshqa aloqa vositalarining o'zaro ta'sirini rag'batlantirish;

— tegishli huquqiy ma'lumotlar almashinuviga ko'maklashish va huquqiy hamkorlikni rivojlantirish.

Hozirda Turkiya, O'zbekiston, Ozarbayjon, Qozog'iston va Qirg'iziston tashkilotning to'la huquqli a'zosi, Vengriya esa kuzatuvchi maqomiga ega. Turkmaniston ham so'nggi sammitlarda tashkilotga mehmon davlat sifatida ishtirok etib kelmoqda.

Turkiy kengash tarixda ilk marta tuzilgan turkiy tilli davlatlarning ixtiyoriy birlashmasi hisoblanadi. Tashkilotga a'zo davlatlar aholisi 150 millionga yaqin kishini, hududi 4,3 million kvadrat kilometrni, umumiy nominal yalpi ichki mahsuloti 1 trln. dollarni, kishi boshiga taqsimlaganda esa salkam 9 ming dollarni tashkil etadi.

O'zbekiston 2019 yilda a'zolikka rasman qabul qilindi. Ushbu a'zolik mamlakatimizning qondosh davlatlar bilan o'zaro ko'p tomonlama aloqalarini rivojlantirishda juda katta imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Ayniqsa, hozirgi pandemiya sharoitida bunday hamkorlikka bo'lgan ehtiyoj nihoyatda ortdi.

O'zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga qo'shilishi boshqa a'zo mamlakatlar tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi. Rasmiy shaxslar, ekspertlar xalqimizning turkiylar tarixidagi o'rni, bugungi salohiyati va ahamiyatini e'tirof etdi.

Shuni ta'kidlash joizki, qisqa davr ichida mamlakatimiz tashkilotning eng faol a'zolaridan biriga aylandi. 2019 yil oktyabrda Bokuda (Ozarbayjon) bo'lib o'tgan sammitda ham mamlakatimizning qizg'in amaliy takliflari a'zo davlatlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Jumladan, ushbu sammitda Xiva shahri Turkiy dunyoning madaniy poytaxti maqomini oldi.

Turkiy kengashning 2020 yil 10 aprel` kuni koronavirus tarqalishiga qarshi kurashishda umumiy sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirishga bag'ishlab o'tkazilgan navbatdan tashqari oliy darajadagi sammitida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti ham qatnashib, nutq so'zladi.

O'z nutqida davlatimiz rahbari qardosh mamlakatlar o'rtasida pandemiya va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi birgalikda kurashish bo'yicha o'zining bir qator aniq takliflarini ilgari surdi.

Jumladan, turkiyzabon davlatlarning sog'liqni saqlash vazirliklari o'rtasida o'zaro ma'lumot va tajriba almashinuvni keng yo'lga qo'yish taklifi ilgari surildiki, bu pandemiyaga qarshi kurash jarayonida qardosh mamlakatlarning bir-biridan o'rganishiga, eng yaxshi tajribalarni o'zaro baham ko'rishiga yaqindan yordam beradi.

Joriy yilning 31 mart kuni Qozog'istonning Turkiston shahrida Turkiy kengash a'zo davlatlari etakchilarining norasmiy sammiti bo'lib o'tishi rejalashtirilgan edi. Afsuski, dunyodagi epidemiologik vaziyat tufayli ushbu sammitni Qozog'iston mezbonligida onlayn tarzda o'tkazishga kelishib olindi.

Qozog'iston Respublikasining birinchi Prezidenti, elboshi, Turkiy kengashning faxriy raisi N. Nazarboev tashabbusi bilan o'tkazilayotgan mazkur onlayn sammitning Turkiston shahrida o'tkazilayotgani bejiz emas, albatta.

Ushbu shaharni haqli ravishda turk dunyosining ma'naviy markazlaridan biri, deb atash mumkin. Chunki yirik mutasavvuf olim, turkiyzabon shoir, tasavvufda yassaviylik tariqatining asoschisi Ahmad Yassaviy tug'ilib o'sgan va mangu qo'nim topgan shahar hisoblanadi.

Ahmad Yassaviy tasavvuf ilmini Buxoroda o'rgangan, Alisher Navoiy o'z asarlarida uni “Turkiston mulkining shayx-ul mashoyixi” deb ta'riflagan, ulug' sarkarda va davlat arbobi Amir Temur Ahmad Yassaviy qabri ustida mahobatli maqbara bunyod etgan edi.

Shaharning tarixiy markazida qator obidalar, xususan, muqaddas ziyoratgohlar saqlanib qolgan bo'lib, ular YUNESKOning Butunjahon yodgorliklar ro'yxatiga kiritilgan. So'nggi yillarda shaharda keng ko'lamli bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlari olib borildi va buning natijasida shahar yangi qiyofa kasb etdi.

Turkiy kengashning norasmiy sammitida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ham ishtirok etishi va nutq so'zlashi kutilmoqda. Davlatimiz rahbari o'z nutqida birlashmaga a'zo mamlakatlarning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi o'zaro manfaatli hamkorligini kengaytirishga doir tashabbuslarni ilgari surishi kutilmoqda.

Sammitda mintaqamizning transport va tranzit salohiyatidan unumli foydalanish, ziyorat turizmini rivojlantirish, ilm-fan va madaniyat borasida katta yutuqlarga erishgan shaxslar uchun alohida mukofot ta'sis etilishi kutilmoqda.

Shuningdek, Turkiy kengashning 2021 — 2025 yillarga mo'ljallangan strategiyasi va boshqa hujjatlarning qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.

Sammit yakunida Turkiy kengashga a'zo davlatlar rahbarlarining Deklaratsiyasi qabul qilinadi.