Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo-mamlakatlar vazirlarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 12 Noyabr 2021 1379

    “Turkiya va turkiy mamlakatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar” konferensiyasi doirasida turkiy davlatlar uchun bir xil iqtisodiy nigohlarni belgilash maqsadida vazirlar yigʻilishi oʻtkazildi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Turkiya Respublikasi savdo vaziri M.Mush, Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri M.Jabborov, Qozogʻiston Respublikasi milliy iqtisodiyot vaziri A.Irgaliyev, Qirgʻiziston Respublikasi iqtisodiyot va savdo vaziri D.Amangeldiyev ishtirok etdi.

    Uchrashuvda Turkiy kengashga aʼzo mamlakatlar hukumatlari vakillari koʻp tomonlama hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari va turkiy tilli davlatlar oʻrtasidagi koʻp qirrali aloqalarni mustahkamlash yoʻlidagi tadbirlar haqida fikr almashdilar. Mushtarak qarashlar asosida savdo, investitsiyalar, sanoat, transport aloqalarini rivojlantirish, elektron tijorat va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, biznes va mintaqaviy hamkorlik imkoniyatlaridan foydalanish masalalarini aks ettiruvchi yaqin va oʻrta muddatli iqtisodiy hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.

    Xususan, investitsiyaviy muhitni tizimli takomillashtirish boʻyicha mustahkam qonunchilik bazasini yaratish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun tadbirkorlarni jalb qilish muhimligi qayd etildi.

    Uchrashuv ishtirokchilari mintaqa ichida va transchegaraviy savdoni rivojlantirish orqali turkiy tilli mamlakatlar oʻrtasida tovar ayirboshlash hajmini oshirish boʻyicha qoʻshma choralarni koʻrishni qoʻllab-quvvatladilar. Turkiy kengashga aʼzo davlatlar oʻrtasida imtiyozli va erkin savdo rejimlarini oʻrnatish, meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, bojxona tartib-taomillarini standartlashtirish hamda mavjud tarif va notarif toʻsiqlarni olib tashlash ishlari ham jadallashtiriladi.

    Turkiy Kengashga aʼzo mamlakatlar ishlab chiqaruvchilari va eksportchilari uchun biznes aloqalarni faollashtirish hamda ishbilarmon doiralar oʻrtasida bevosita munosabatlarni yoʻlga qoʻyish maqsadida muntazam ravishda biznes-forumlar, savdo missiyalari va qoʻshma tadbirlar oʻtkazish dolzarbligi yuzasidan yakdil fikrga kelindi.

    Iqtisodiyotning turli tarmoqlariga “yashil” texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga urgʻu bergan holda energetika sohasidagi hamkorlikka oʻzaro tayyorlik ham bildirildi.

    Yigʻilish ishtirokchilari mintaqa mamlakatlarining transport va tranzit salohiyatini oshirish, jumladan, transport-logistika infratuzilmasini kengaytirish va modernizatsiya qilish boʻyicha qoʻshma loyihalarda ishtirok etish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratdilar.

    Tadbir yakunlari boʻyicha bir qator muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, mintaqaning ichki bozorlarini rivojlantirish maqsadida Kengashga aʼzo davlatlar tadbirkorlari va eksportchilari bevosita oʻzaro hamkorlik qilishlari uchun yagona elektron savdo maydonchasini yaratish boʻyicha birgalikda ish olib borishga kelishildi. Tomonlar, shuningdek, mintaqalararo sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va qoʻshilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqadilar.

    Turkiy kengashga aʼzo mamlakatlar “yashil” texnologiyalar sohasida hamkorlikni rivojlantirish uchun qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqib, tasdiqlashlariga hamda 2022-yil sentyabrida Oʻzbekistonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Yashil energetika” xalqaro forumida oʻz vakillarining ishtirokini taʼminlashlariga kelishib olindi.

    Bir qator qoʻshma tadbirlar, jumladan, turkiy tilli davlatlar sanoat hamkorligi boʻyicha birinchi Forumini, shuningdek, Kengashga aʼzo mamlakatlarning yoshlar vakillari ishtirokida har yili Yosh tadbirkorlar Forumini oʻtkazishga kelishib olindi. Shu oʻrinda, tomonlar Kengashga aʼzo mamlakatlar IT va texnoparklarining hamkorlik dasturlari doirasida yoshlar tadbirkorligi va startaplarni ilgari surish boʻyicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

    Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama etilgan tashabbuslarni amalda joriy qilish boʻyicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar va koʻrib chiqilgan barcha yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlik qilish shakllarini belgilab oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.