Turkiy tilli davlatlar Ombudsmanlari hamda Inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar Assotsiatsiyasi tuzildi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ochiq va pragmatik tashqi siyosati, uzoq va yaqin davlatlar bilan oʻzaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari tufayli keyingi yillarda Oʻzbekistonning turkiy tilli davlatlar bilan mutlaqo yangi – sogʻlom siyosiy va iqtisodiy aloqalari yoʻlga qoʻyildi. Xalqaro hamkorlikning yangi yoʻnalishlari, yangi mexanizmlari joriy etilmoqda.

    Mazkur islohotlar natijasida, 2022-yilning 12-may kuni Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova boshchiligidagi delegatsiya Turkiya Respublikasining Bursa shahrida tashkil etilgan Turkiy tilli davlatlar Ombudsmanlari hamda Inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar Assotsiatsiyasini tuzish boʻyicha taʼsis Kengashida ishtirok etishdi.

    Yigʻilishda ishtirokchilar tomonidan turkiy tilli davlatlar oʻrtasidagi aloqalar har sohada rivojlanib borayotgan bir paytda ular oʻrtasida inson huquqlarini taʼminlash borasidagi inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar hamkorligini ham yangi bosqichga olib chiqilishi qardosh xalqlar manfaatlariga xizmat qilishi taʼkidlandi. Shuningdek, bu tuzilma, oʻzaro tajriba almashish, malaka oshirish, ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻzlashtirishda platforma vazifasini bajarishi ham qayd etildi.

    Muhokamalardan soʻng, Oʻzbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston Ombudsmanlari va Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Turkiy tilli davlatlar Ombudsmanlari hamda Inson huquqlari boʻyicha Milliy institutlar Assotsiatsiyasini tashkil etish boʻyicha memorandum imzolandi.

    Mazkur Assotsiatsiyaga asos solinishi bu tarixiy qaror boʻlib, u turkiy tilli davlatlarning hamjihatligi va izchil taraqqiyotiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

    Oliy Majlisning Inson huquqlari

    boʻyicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati